понедельник, 30 ноября 2015 г.

SIZ...


   Siz ham sen ham bir og’izdan chiqadi. Ikkisi ham uch harfdan iborat, bir bo’ginli so’z. Lekin ikkisining farqi osmon bilan yer kabi degan gaplarni gapirib o’tishim shart emas deb o’ylayman)) Buni bilamiz gapi aylantirma deyishingiz tabiiy. To’xtaaang, to’xtang! Nega meni senladingiz? XAAA ikki uch kundan beri bir tanishimning shu savoliga javob bera olmay qiynalaman! Aslida men ularni sen deganligimni eslay olmayapman. Chunki, hammani sen deyishim mumkin (ota-onamdan bo’lak), u insonni hech ham senlamiyman, senlab gapirmaganman. Balki, jaxl chiqqanda aql ketadi degan holatlarda aytib yuborgan bo’lishim mumkin desam unda ham hech bo’lmasa ismlari bilan albatta familyasini ham ishlatganman. Bugun boshqa bir tanishim  “Charosda o’zi parosat yo’q! Meni ham Fozil deydi daje”-debdi, o’ylab qoldim haqiqatdan ham menda “farosat” yo’qdir?. O’zimdan kattalarni ismi bilan chaqirishim hunuk holat bo’lsa kerak. O’zim uchun ba’zan hurmat talab qilaman-u, boshqalarni ham ular istagandek hurmat qilamanmi?
     O’zimdan kattalar bilan gap talashaman, bir gapdan qolsam boshqalar Charos yengildi deb ustimdan kuladigandek to’xtashni istamayman. Fozilbek Yusupovning tuutsii.blogspot.com sahifasidagi Offtop postida ismlari zikr keltirilganlarni ayrimlariga nisbatan befarosatlik qilganimdan uyalib ketyapman. Ayniqsa, Bobur Yoqubovdan. Bobur aka men hurmat qiladigan sanoqli odamlardan bittasi, shu post orqali ulardan UZR so’rayman.

   Haqiqatdan ham sen degan tilimizdan siz deyish ham mumkin, Fozil ismini ayta oladigan zabonimiz “aka” so’zini ham qo’shimcha qila oladi. “Siz”ning sehri bilan farosatingiz belgilanar ekan, hech qachon uni aytishdan uyalmaslik kerak. Gap talashmaslik kerak, sukut saqlang sizni dono deb o’ylashadi))) Bu postim orqali  aql o’rgatishdan yiroqman, shunchaki o’zim uchun xulosa qildim, hurmatni so’rab olishmasidan ko’rsatish kerak, javobi ham shunga yarasha bo'ladi!!!

пятница, 13 ноября 2015 г.

Erkak jinsidagi "MAVJUDOTLAR"

Alloh insoni yaratar ekan ayolni erkakning qovurg'asidan yaratdi. Erkak jinsidagilarni kuchliligi, irodali ekanligi va aql-zakovatda ham ayollardan bir pog'ona balandda ekanligi ishora berilgan bo'lsa ajab emas. Ammo, lekin, biroq... Ayrim "erkak"larning tabiati oldida ayollar ip esholmay qoladi. Hozir "Yoshlar" teleradiokanali orqali namoyish etilayotgan koreys serialini ko'rib o'tirib film qahramonlaridan biriga nisbatan "Hoy, qiz bolaga o'xshash yigit"-deb murojaat qilinganidan kulgim kelib post yozishga kirishdim. Haqiqatdan ham jamiyatimizda ayollik tabiatiga moyil erkak jinsi vakillari ko'p uchramoqda... 
Birgina misol: Ijtimoiy tarmoqlar orqali ko'p kuzataman, yarim yalong'och kiyingan bir qizni (yoki mashxurroq ayolni) rasmini guruhlarga qo'yib muhokamalarda faqat yigitlar "g'iybat" qilish bilan band. Baraka toping! Siz juda to'g'ri gaplarni yozyapsiz! Ayollarda, qizlarda ibo-hayo qolmayotgandir, lekin bunga kim sababchi? Har biringiz o'zingizga tegishli ayollarni nazorat qiling, ularga o'z ta'siringizni o'tkazing, olam guliston! Ikkinchi misol: Ikki yuzlamachilik, yolg'on gapirish ayrim erkaklarning "hunar"iga aylanib qolyapti, qo'pol qilib aytganda zog'ga o'xshab u shoxdan bu shoxga sakrab kuylashdan uyalishmaydi. Go'yoki, ular aqlli-yu, qolganlar axmoq! Yolg'oni bir kun misi chiqadi. Chiqdiyam, kuni kecha ijtimoiy tarmoqdagi bir do'stimni misini chiqarib qo'ydim. Gapirgan yolg'onidan uyalmaydi ham qaytanga "fortichka" uchun yangi yolg'onlar seriyasini boshlab yubordi. Og'zingizdan chiqayotgan har bir so'zingiz uchun bu dunyoda ham, Yaratgan oldida ham javob berishingiz kerakligini o'ylab ko'rib gapiring! Xullas aql o'rgatish niyatida emasman, hammasini vijdoningiz hukmiga tashlangchi, u nima deydi. 
Uchinchi misol: Ayrim "erkak"lar dallollikni kasb  qilib olgan, ikki inson orasida "pochtalyon"! Haqiqatni gapirsa xo'p xo'p, yolg'onni bo'rtirib, xuddi o'zi tepasida turgandek gapirishiga nima deysiz! Siz orasiga nifoq solmoqchi bo'lganlar bir kun kelib yarashib ketar, lekin endi ularni yuziga qanday qaraysiz? Ayollar g'iybatchi, ayollar ko'p yolg'on ishlatadi, ayollar og'zida gap turmaydi, bitta gapni to'rtta qilib gapiradi deysilar-u, ayollardan qolishmaydigan erkak jinsidagi "MAVJUDOT"lar ham kam emas! 
    Faqat erkaklarni yomonlabsiz demang). Haqiqiy ma'noda o'z nomiga munosib yigitlar ham ko'p. Men shundaylardan birini taniyman. Aql bilan ish ko'radigan, og'zidan chiqgan so'ziga javob bera oladigan, insoniy fazilatlari ham mukammal inson meni nazarimda! 
  Xurmatli ERKAKLAR! Og'ir botgan bo'lsa ming bor uzr! Bu gaplar siz haqingizda emas, bularni hammasi MAVJUDOTLARGA!!!

четверг, 5 ноября 2015 г.

Kechikish...

 
    Maktab o'quvchisiligimdan meni tark etmaydigan bir odat bor - kechikish. O'ylab qarasam hayotim davomida juda ko'p narsalarga kech qolib borayotgan ekanman. To'rt yilga kechikgan o'qish, men hali ham qaytishini kutayotgan muhabbat! O'z tengdoshlarimga qarasam, kimlaridir oilali, farzand tarbiyasi bilan band, kimlaridir men endigina boshlagan yo'lni oxirida. Mayli kech bo'lsada muhimi niyatimga yetdim-ku! Men yolg'iz emasman degan ichki ovoz meni tinchlantiradi. O'qishning ilk kunida universitetga yo'l olar ekanman hayolimda birgina o'y: "Kursdoshlarim orasida eng yoshi kattasi bo'lsam kerak, ular nega 3 yil kira olmagansiz deb bergan savoliga qanday javob beraman"-degan fikrlar bilan universitetga borgan edim. Hamma o'zini tanishtira boshladi.Birinchi partada o'tirgan Shohsanam ismli kursdoshim o'zini 1993-yilda tug'ilganman deganidan keyin ko'nglim hotirjam bo'ldi, "hayriyat men yolg'iz emasman!", birin ketin hamma o'zini tanishtirdi 1993..1995..1994...1996...1992...1991!))
       Endi buyog'iga kechikishga haqqim yo'q, jurnalistikani qund bilan o'qib, o'z sohamning yetuk mutaxassisi bo'lishim lozim.Buning uchun menda hamma imkoniyatlar mavjud. Mendan talab qilinadigani esa faqat va faqat MEHNAT!!!

среда, 4 ноября 2015 г.

" Paypoq"

  


        

   Jurnalistika fakultetida 25 kun o'qib o'zimdan "jurnalist" yasavolib, fikr bildirish niyatim yo'q. Jurnalist kim?, U qanday mavzularda maqolalar yozishi kerak! Unga nima mumkin-u nima mumkin emasligi hali bilmayman ham, lekin bloger bu- jurnalistmas, u har qanday mavzuda yozishi mumkin faqat yozgani kimningdir shaxsiyatiga tegmasa bo'ldi. Sarlavhaga qarab hayron bo'layotgandirsiz, "nega paypoq?"-deb, men jurnalist sifatida ertaga ish faoliyatim davomida bu mavzuda yozolmasligim mumkin, lekin bloger bo'lib bugun shu mavzuda yozyapman. 

  Paypoq haqida nima yozsam ekan deb o'yladim, rostini aytaman hozir ham o'ylayapman. Keling yaxshisi paypoq bilan bog'liq meni hayron qoldirgan voqea haqida yozaman. Bir Qashqadaryolik dugonam to'yidan oldin sepini bizga ko'rsatgani uyiga chaqirdi. Qashqadaryoliklar qiladigan sep oldida toshkentliklar dog'da qolar ekan deb, hayron bo'lib tursam bu sarpolarni hammasini kuyov taraf yuvorgan ekan. Bilasizmi kelinga yuvorilgan paypoqlar soni 30 ta, ro'mol 20 ta, sharf 10 ta hullas biz taraflarda 3 ta kelinga qilinadigan sep! "  Bu faqat kuyov tomondan kelgan paypoqlar soni kelin ham unga qo'shar ekan. Qashqadaryoliklar issiq hududda yashashadi shuncha paypoqni nechi yil kiyasan"-deb dugonam bilan hazillashdim. "Qorayib ketmaslik uchun yozdayam kiyamiz bir yilgayam yetmaydi" -deydi!  Makon va sharoit sabab qizlar sepi ham turlicha bo'lar ekan!

Xullas, va'da qilingan post bir amallab yozildi! Fozilbek Yusupov mandan yaxshi yozolmaganini ham bilaman, mayli Fozil hafa bo'lmang!  Yig'ilayotgan sepimga zo'r erkaklar paypog'idan olgandim, "turetiskiy" hushbo'y hidli!!! G'oliblik oshini yeganimdan keyin shuni bittasini sizga sovg'a qilaman, uni narxi bir lagan oshdan qimmat))

Bolalik sog'inchi...


    


Yoshi  ulg’gaygani  sari , bolaligini qo’msamaydigan, hech bo’lmasa bir lahzaga bo’lsa ham unga qaytib qolishni  istamaydigan odam bo’lmasa kerak. Har birimiz bolaligimizni sog’inamiz, shunchalik sog’inamizk, uni hech bo’lmasa, his qilish uchun xotiralarimizni titkilaymiz.

                    Bolaligimdan qanday xotiralar qolgan?

Fotosuratlar.  Albomimizni olib , uni qayta-qayta varaqlaymiz, butun umrga muhrlangan shirin damlarimizdan qolgan shirin esdaliklar… ! Eng beg’am, tashvishsiz onlarim! Bular hattoki ko’zlarimdan sezilyapti-ya , ko’zlarim porlab turibti. Butun olam go’zalligi ularda mujassamdek! Tabassumim ham soxta emas, o’shanda ayajonim meni rasmga tushirtirish uchun yangi ko’ylagimni kiydirgan edilar, oppoq  tuflichamni  ham o’shanda birinchi marta kiygandim. Buvijonim olib bergan oq bantikda ayam sochlarimni zo’rg’a yig’ib qo’ygandilar, sochlarim kaltaligidan bantikdan chiqib ketavergandi. Qo’limdagi soatni ammajonim berganlar aytishlaricha bu soatni  ularga 8 yoshliklarida buvam sovg'a qilgan ekanlar, hozir bu soatni yoshi 25 da ! Men uni avaylab taqdim, xatto singlimga ham bermay asrab qo’yganman. Bolaligimdan qolgan qadrdon soatchamni bir kun kelib qizalog’imning qo’liga taqib, uni ham xuddi shunday suratga tushuraman, Xudo xohlasa!

Video  tasvirlar. Bolaligimni yodga soluvchi video tasvirlar kam ! Hozirgi zamon bolajonlariga mazza-da , qo’lingizdagi telefon bilan ularni xohlaganingizcha tasvirga olasiz , tasvirlar ko’ngildagidek bo’lmasa, o’chirib qayta olasiz. Ularda bolaligining “ko’p” tasvirlarini abadiylikka muhrlash imkoniyati bor! Bizda-chi, bu imkoniyat biror qarindosh-urug’ning to’ylaridagina bo’lgan. Ularni har doim ham olib ko’ra olmaysiz! Qo’limda uchta shaxsiy diskim bor. Birinchisi: “So’ngi qo’ng’iroq” kuni  Ikkinchisi : 9-sinfni tamomlaganimizdan keyin uyushtirgan oqshom tasvirlar. Uchinchisi: Kollejni tamomlaganimdan keyin uyushtirilgan oqshom tasvirlari. Ular men uchun - bebaxo . Ha , aytgancha yana bir disk bor ekan. Bu diskda meni bundan to’rt yil oldin hayajonga solgan tasvirlar muhrlagan. Bu tasvirlar- ilk bilimdonlik kursisiga o’tirgan kunim. Qarang shunga ham to’rt yil bo’libdi, o’shanda endigina o’n sakkiz yoshni qarshilagandim, u xotiralarni men zavq bilan eslayman. Shahzoda Rahimova jamoasida ishtirok etgandim. Bilasizmi , o’shanda menga rostmanasiga omad kelgan. Lekin bu omad kimningdir kechkishi evazigaligi ko’nglimni g’ash qiladi. O’shanda qizlar jamoasidan Shaxnoza ismli qiz suratga olish studiyasiga kech qolib kelgandi. Tasvirga olish boshlangunicha kelmagani uchun uni o’rniga men ishtirok etgandim. Mag’lubiyatli o’yin bo’lgan bo’lsa ham, o’sha xotiralar men uchun qadrli.

“ESDALIK” DAFTARIM. Hozir maktab o’quvchilari “Esdalik” tutishadimi, yo’qmi bilmadim, lekin 7-9-sinflik paytimizda , “Esdalik” tutish “MODA” edi , biz uni “Anketa” derdik.  Men ham “Esdalik” tutganman! Tug’ilgan kunimga yaqin dugonam- Gulbarchin , menga kodli yondaftar sovg’a qilgandi. Yondaftar judayam chiroyli, ustida men yaxshi ko’rgan lola gullarining surati bor. Yon tomonida 1dan 9 gacha raqamchalar joylashtirilgan. “Kodlangan” yondaftarimni birinchi sahifasiga turli xil savollar yozib chiqgandim. Keyingi sahifalaridan boshlab , dugonalarim, sinfdoshlarim , eng yaqin o’rtoqlarim o’zlarining “Anketa”sini  yozib qoldirishgan. Hozir ularni o’qib , o’sha damga qaytgandek bo’laman. “Esdalik”ning oxirgi sahifasini uni egasi to’ldirishi kerak edi. O’shanda men eng birinchi yozgan she’rlarimni  birini yozib qo’ygandim. Mana o’sha she’r!

         Gullarning sarasi- atirgul derlar

         Saralab , tanlaysiz bog’lardan uni,

         Do’stlarning sarasi- yoshlikda bo’lar,

         Sog’inib eslaysiz , do’stlarim meni!

To’ldirgan ma’lumotlarimni o’qib , kulgim kelayapdi! Exxx mening beg’ubor bolaligim! O’shanda shu qadar o’tkinchi ekanligingni bilganimda, o’sha paytdagi o’y-hayollarimni ko’proq yozib qoldirgan bo’lardim.  Seni har doim sog’inaman, sog’inaman-u hali bundanda esda qolarli xotiralarim bo’ladi deb,  seni bir parchang bo’lgan buyumlarimni yana o’sha qutimga joylab sandiqqa solaman.

"Ko'ngil qo'yganimga" yetishdim!



        Bugun hayotimdagi eng hayajonli kun bo'ldi. Talabalikning ilk kuni. Uzoq kutilgan bu kunga, katta tayyorgarlik ko'rib, O'zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetiga yo'l oldim! Kamina 198,4 ball bilan mazkur fakultetga " to'lov kontrakti" asosida o'qishga qabul qilinganman! Birinchi kun zerikarli bo'ladi deyishgani rost ekan. 1-parada rosa zerikdim, uyqim kelib esnab o'tirgan bo'lsam ham kerak. 2- paradan esa  auditori "o'zimniki" bo'lib qoldi. Kursdoshlarim bilan tanishishni boshlavordim. Kim nechi ball bilan kirgan, kim kontrak, kim byudjetligi haqida gaplashib, tanishib oldik. 2-para har birimiz o'zimizi "iste'dod"larimizni sanab o'qituvchimiz bilan tanishdik. Kursdoshlarim orasida shoir-shoiralar ko'p ekan. Ikkita Zulfiya mukofoti sohibalari, ikkita fan olimpiadalari g'oliblari bor ekan. Ularni ijod na'munalarini tinglab, olqishlab qo'ydik. Xullas, kursdoshlarim haqida birinchi ta'surotlarim ijobiy! 3-parada fakultet dekani bilan tanishuv soati bo'ldi. Dekanimiz haqida uzoq yozib o'tirmayman, keyingi postlarimdan birini ular atab yozaman! Dekanimizning suhbat oxirida aytgan gaplari meni dilimdagi gaplar desam mubolag'a emas.
"Tanlagan kasbingiz ham suyukli yordek bo'lishi kerak. Siz jurnalistikani sevib, ko'ngil qo'yib bu yerga kelgan ekansiz, kasbingiz sir-asrorlarini mukammal egallaysiz! Sevmagan insoningiz bilan oila qurib bo'lmagandek, jurnalistikani sevmasdan yaxshi jurnalist bo'la olmaysiz! " 

Samarqand tour. 8-9-may


                                                     

   Samarqandga borganmisiz? Borganman deysizmi? Unda yozmoqchi bo'lgan blogspotim sizga Samarqand xotiralarini yana bir marta eslashingizga yordam beradi. Bormaganman deyapsizmi? Hech hijolat bo'lmang ,  postimni  o'qiganingizdan keyin sayohat       xaltangizni ko'tarib  "qayerdasan Samarqand?" deb yo'lga otlanishingiz ajabmas. Mayli, ko'p maqtab sizlarni kutirmay-da, gapning indalosiga o'taqolay. Shu desangiz bir guruh "bekorchi"lar , yo'g'e  "sayohatchi"lar  8-9-may kunlari  Samarqand safariga otlandik. Bir kun oldin yomg'ir yog'gani uchun yoqimli salqin havo sayohatimizga yanada qo'l keldi. 8-may kuni soat 5:00 dan Chilonzor metrosida yig'ila boshladik to 6:00gacha! 14 ta sayohatchi buyurtma mashryutda har xil o'yin kulgular bilan qanday Samarqandga borib qolganimizni sezmay qoldik.  Aslida sayohatimiz Samarqand shahridanmas , Jizzahdagi "Temur darvozasi"dan boshlandi. G'orni ko'ramiz deb mashrutdan tushdik,   shu paytgacha "G'OR" deb o'ylaganim , aslida "g'orcha" ekan.  G'or oldida ilk fotosessiyalarni o'tkazib , yana yo'lda davom etdik.
    Samarqand. Bu shahar haqida ko'p yozib, maqtab o'tirmayman. Bilaman juda ko'p eshitgansiz, hali yana eshitasiz! Samarqand shahridagi ekskursiyamiz Ulug'bek rasadxonasidan boshlandi. Shoir M.Yusuf yozganlaridek: "Samarqandga borsangiz Ulug'bekni ko'rmay qaytmang!". Ulug'bek kimligini, qanday shaxs bo'lganligi haqida juda yaxshi bilasiz, bilmasangiz Ulug'bek rasadxonasiga tashrif buyuring BILIB OLASIZ! (Ulug'bek hayoti va faoliyatidan tashqari, insonda uchraydigan kasalliklarni paydo bo'lishi "yulduzlar"ga bog'liqligi haqida ham eshitasiz). Tortishasiz, baxslashasiz, xullas kelganingizga afsuslanmaysiz! Kim bilan deysizmi? Keling o'zingiz bilib olasiz!


Ulug'bek rasadxonasidan keyin to'g'ri qayoqga bordik bilasizmi? Choyxonaga!!! Qornimiz ochib ketganidan aylanish ko'ngilga sig'masdi! Hamroxlarimizga Samarqandcha palovni maqtab maqtab choyxonaga olib bordik. Bordik-u o'zimiz ham "Samarqandcha palov"ni ko'rib hayron qoldik, shuncha payt Samarqandda yashab to'rtburchak sabzili osh yemagandim. Yedim, yedim-u mazzasi og'zimda qoldi. Mazzali , hush tam to'rtburchak sabzili osh biz samarqandliklarni mehmonlar oldida uyaltirmadi. Ovqatlanib bo'lganimizdan so'ng "Qorin to'ydi g'am ketdi" -deb sayohatni davom etirdik. Endigi manzilimiz Shohi Zinda majmuasi bo'ldi. Shohi Zindaga bormagan bo'lsangiz ham uni zinalari haqida eshitgansiz, filmlarda ko'rgansiz Shahzoda o'ynagan "Majruh" filmidagi o'sha zinalar Shohi Zindada! Zinalarni sanab yuqoriga chiqib oldik. Men har doim kelganimda sanayman 36 ta chiqadi, bu safar ham shunday. Shohi Zindada biroz gidlik ham qildim, majmuada joylashgan qabrlarni kimlarga tegishli ekanligi, ular Amir Temurga kim bo'lganligi haqida do'stlarimga gapirib berdim (eshitishni xohlaganlariga). Shohi Zindadagi Qusam ibn Abbos qabrini ziyorat qilib yana zinalarni sanab pastga tushib oldik. Zinalar 35 ta!
    Keyingi bekat Go'ri Amir! Amir Temur maqbarasi. Kim Samarqandga borgan bo'lsa, bu maqbarani albatta ziyorat qilganligi tabiiy. Maqbarani ziyorat qilar chog'da, Amir Temurning o'z zamondoshlariga qarata aytgan bir gapi yodimga tushdi: "Bizning kuch qudratimizni bilmoqchi bo'lsangiz biz qurgan imoratlarga boqing"- bu gapning ma'no mazmini bugungi Samarqand ko'rinishiga ham juda mos keladi. Mustaqillik davrida Samarqand ham xuddi Toshkent singari tanib bo'lmas qiyofaga ega bo'ldi.


   Go'ri Amirdan keyin "Registon" ansambiliga bordik. Samarqandning tashrif qog'ozi bo'lgan bu obidalarni ko'rib hayratlanmagan odam bo'lmasa kerak. Nafaqat Samarqand balki, butun o'zbek xalqining faxri - mo'jizaviy Registon! Registonga bormaganlarga qisqacha aytib o'tsam, majmuada uchta madrasa bor: Ulug'bek, Sherdor, Tillakori. Ulug'bek madrasasi XV asrda Mirzo Ulug'bek tomonidan qurilgan, bu madrasa o'z davrida "Ulug'bek akademiyasi" hisoblangan. Keyingi ikki madrasa  Bahodir Yalangto'sh tomonida XVII asrda qurilgan. Sherdor madrasasi peshtoqida afsonaviy sher rasmi tushirilgan. Bu tasvir hozirda Samarqand ramzi hisoblanadi. Tillakori madrasasi ansambildagi eng betakror, jilvakor madrasa desam to'g'ri bo'ladi. Madrasani ichki bezaklari uchun 7,5 kilogramm sof oltindan foydalanishgan. Umuman ansambildagi   har bir madrasa betakror arxitekturaviy ko'rinishga ega. O'zingiz Registonni borib ko'rsangiz fikrlarimni tasdiqlaysiz! Registonni aylanib vaqt o'tganini sezmay ham qoldik.
  
     Samarqand shahridagi sayohatimizni shu joyda yakunlab, sayohatimizni ikkinchi qismidagi voqealar makoni - Qo'shrabot tumaniga yo'l oldik. Yo'l-yo'lakay Payariq tumanida joylashgan Imom al - Buxoriy ziyoratgohiga kirdik. Bu joy haqida qancha yozsam ham kam chunki bu qishloqda kamina tavallud topgan. Meni nazarimda Samarqanddagi eng tinch ziyoratgoh shu majmua. Imom al - Buxoriy hazratlari hayoti haqida gapirib bergan gid shunaqa ta'sirli gapirdilarki, hamma tinglovchilarni sehrlab qo'ydi. Maydalab yog'a boshlagan yomg'irga ham e'tibor bermay hech birimiz joyimizdan qimirlamasdik, go'yoki biror harakat qilsak tushuntiruvchini hayoli bo'linib gapirishdan to'xtaydigandek, hech kim qimir etmasdi. Gidning ism familyasini eslab qolmagan ekanman, lekin borib qolsangiz u yerdagi hamma gidlar ham o'sha insondek ilmli ekanligiga ishonch hosil qilasiz! Al-Buxoriy ziyoratidan keyin to'g'ri Qo'shrabotga otlandik. "Yo'ling uzoqligi yaxshi hamroxing bo'lsa bilinmaydi"- deyishgani rost ekan. Qancha yo'l yurdik bilmadim u, Qo'shrabotga yetib borguncha kuylamagan qo'shig'imiz  qolmadi, esda qolarli video tasvirlar bilan yo'l uzoqligi umunan sezilmadi. Yetib borganimizda yomg'ir chelaklab quyardi. Ha aytgancha, aytish esimdan chiqibti,  Qo'shrabotda bizni Sohib Jontoyevni qarindoshlari kutib olishdi. Mehmondo'st, ochiq chehra xonadon egalari mezmondorchiligidan kun sovuqligini bir pastda unutdik. Kechki dasturxon atrofida samimiy suhbat, do'stlar diydori qanchalar yoqimli bo'lishini o'shanda his qildim. Qopqon o'ynadik, mantiqiy savollar ham berildi, kimlardir shaxmat o'ynashdi yana kimlar shirin suhbatda... xullas, vaqt juda tez o'tdi. Ko'pchilik charchab vaqtliroq uxladi (vaqtli 1da). Tog'da tong ham tez otar ekan. Kech uxlab vaqtli uyg'onganimgami ko'zimni yumib ochgandek bo'ldi. Nonushtadan keyin Pangat tog'iga yo'l oldik. Bahor tabiatida tog'dan go'zal joy topilmasa kerak. Tiriklik rangiga burkangan viqorli tog'lar ko'zni quvnatardi. Bir lahza ularga tikilib, tog'ni talqon qilishga qodir inson ham bu haybat oldida zarradek ekanligini his qilasiz! Mashrutdan tushib, tog'ga tirmashdik, to'g'rirog'i chiqishga harakat qildim (Cho'qqisiga chiqganlar ham bor), yarim yo'ldan qaytib, pastga tushdim. Hozir oxirigacha chiqmaganimga afsuslanaman.( Alloh nasib yana borsam, bu safar cho'qqisiga chiqaman). Cho'qqi zabt etish marosimidan keyin kabobxo'rlik bazmi boshlandi. Qopqon o'yinini o'ynab planni rosa bajardik. Kamina boshlovchi bo'lsamgina o'yin menga ko'proq yoqdi, bo'lmasa meni darrov chiqarib yuborishardi.  Sayohatimiz ikkinchi qismi ham shu tariqa o'z nihoyasiga yetdi, soat 15 lardan o'tib yo'lga chiqdik. Yo'l davomida sevimli "Qopqon"i qayta-qayta o'ynadik. Shunday qilib ikki kunlik safarimiz 21:00 lada Toshkentga kelib qaridi. Bir umrga unitilmas xotiralarga boy bo'lgan sayohatimiz qisqacha shunday bo'lgan edi. 

Oromgoh , tajriba maktabi , ATIRGULLAR!



                       "Kamolot" YIH tomonidan o'tkazilgan "Yosh reportyorlar" media-treningida bloger sifatida taklif etildim! 
(Taklif uchun Xushnud Xudoyberdiyevga katta rahmat!) Borgan kunimiz kechasi 1 gacha uxlamasdan "majlis" qilganimiz uchun kelganimga biroz xafa bo'lgandim. Chunki tanimagan odamlar bilan "til" topishishim qiyinroq!  Ikkinchi kundan esa qadrdon bo'lib ketdik, kunimiz , vaqtimiz o'tgani sezilmadi . 

Oromgoh! Qulay sharoitlar yaratilgan, ozoda , zamonaviy ko'rinishdagi "Kamolot yoshlar oromgohi "  Toshkent viloyatining Bo'stonliq  tumanida joylashgan! Go'zal tabiat, ulug'vor tog'lar orasida qad ko'targan bu so'lim go'sha menga juda yoqdi. Hamma oromgohlar ham shunday-ku, nimasi yoqdi ?- dersiz. ATIRGULLARI...
Oromgoh hovlisi qip-qizil atirgullar bilan yonib turibdi. Hovli gullariga qizishim sababmi e'tiborimni faqat shu atirgullar tortdi. Katta -katta qip-qizil gullarni ko'rib, ko'zingiz quvnaydi, bu go'zallikdan ketgingiz kelmaydi.

Atrof viqorli tog'lar bilan o'ralgan yam-yashil tabiat qo'ynida har bir ijodkor qo'liga qalam olib qog'oz qoralaydi, ko'nglida tog'lardanda yuksak marralarni ko'zlagan orzu-istaklar paydo bo'ladi. Meni nazarimda "Yosh repotyorlar" loyihasini bunday tabiat qo'ynida o'tkazilishidan maqsad ham ana shunda: yosh ijodkorlarga yanada ilhom baxsh etish, ularni qalbini go'zallik bilan oshufta qilgan holda, yuksaklikni ko'zlashga undash. 

Oromgohga borgan kunimizdan boshlab tajribali jurnalistlar tomonidan yosh reportyorlarga darslar o'tila boshladi . Xalqimiz tanigan siyosiy sharhlovchi jurnalist Quddus A'zamov, aktyor, jurnalist va huquqshunos Otabek Mahkamov, bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev tomonidan o'tkazilgan ma'ruzalar barcha yoshlarga ma'qul keldi deb ayta olaman ! Bu treningda o'zim uchun juda ko'p bilimlarga ega bo'ldim. Masalan : Blogerlar uchun Xushnud Xudayberdiyev yaratgan O'N BIR qoida! Blog yuritish, qiziqarli, hammani e'tiborini torta oladigan ma'lumotlarni qanday taqdim etish haqida juda kerakli tushunchalarni  aytib o'tdilar! Yana bir narsani faxr bilan aytish mumkin deyarli barcha ishtirokchilar blog ochishni maqsad qilib olishdi . Bu albatta, safimizni yanada kengaytiradi. Media-treningning uchinchi kuni esda qolarli voqealarga boy bo'ldi. Opera ijrochilari  tashrifi , gulxan atrofidagi raqs har bir ishtirokchi xotirasiga bir umrga muhrlandi!
17- iyun - media-trening oxirgi kuni! Har bir guruh o'z takliflarini hakamlarga taqdim etganlaridan keyin , tanqidiy va ijobiy munosabatlarni ham eshitib olishdi. Qizg'in baxs va munozaralarga boy bo'lgan 4 kunlik media - trenning "Taqdirlash ma'rosimi"dan keyin o'z nihoyasiga yetdi. Tashrif buyurgan har bir ishtirokchi , trenirlar, blogerlar "Kamolot" YIH tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandi .