среда, 8 июня 2016 г.

0,25% jurnalist

   Vaqtni o'tganini qarang, ko'z ochib yumgunimizcha bir yil vaqt o'tib qo'yibdi. Kechagina universitet ostonasidan hayajon bilan kirgan edik, bugun esa bu dargoh ikkinchi uyimizga aylanib qoldi. Bir-biridan ajoyib, o'z kasbining ustalaridan, mahoratli pedagoglardan dars oldik. Shu paytgacha yozganlarimda ular haqida  deyarli yozmagan edim.  Bugun ustozlarim haqida yozmoqchiman.
 Nilufar Namozova. Universitetdagi onamiz. Nilufar opa bizni guruh rahbarimiz, juda samimiy va mehribonlar. Shu bilan birga o'ta tartibli, reja bilan ish qiluvchi ayol ekanlar. Ularga juda havasim keladi. Mahoratli jurnalist, baxtiyor oilaning bekasi, aqlli va tarbiyali farzandlarning onasi. Ustoz bilan xuddi uyda onamiz bilan qanday sirlashsak, dardlashsak, yoki biror yutuqqa erishsak farzand onasiga erkalanganidek maqtanib gapiramiz, muammolarimiz bo'lsa ko'z yosh bilan yonlariga yuguramiz.
Halim Saidov. "Otamiz"))). Kuchli jurnalist, mahoratli pedagog." Gazeta yoki TVga borganimizda bizga Halim Saidov dars o'tadilar", - desak- "Tanqidiy maqolalar ustasi sizga ustoz ekan, saboqlarini yaxshilab o'rganib oling", deb maslahat berishadi. Yozgan kitoblarida berilgan maqolalarini o'qib, oltin qalamning haqiqiy egasi ekanliklarini bildim.
Firdavs Saidov. Fakultetda bu o'qituvchini darsini yoqtirmaydigan talaba topilmasa kerak. Hamma talabaga do'st. Har kimni fikrini to'g'rimi, noto'g'rimi oxirigacha tinglaydilar. Qarshi fikr bildirishdayam xafa qilib qo'ymay deb gapirsalar kerak, keskin inkor qilib tashlamay: "Ma'lumotlarizni yaxshilab o'qib keling keyingi darsga", deb qo'yadilar. Lekin bir yomon taraflari bor))) har doim talabani do'sti bo'lgan ustoz, sessiyada hammani dushmaniga aylanib qoladi. 1-kursdan 4-kursgacha hamma qo'rqadi. Yakuniy nazorat olganlarida davlat imtixonidagi nazoratlar ham qolib ketadi. Na shpargalka ishlata olasiz, na telefon.
Mahfuza Artikova. Firdavs aka 2 . Juda-juda mahoratli va talabalarning mehrini qozongan pedagog. O'tgan har bir darslaridan nimanidir olib ketasiz. Darsni juda erkin o'tadilar, talabalarni fikrlarini hurmat qiladilar. Bu ustozni ishonchlarini qozonish juda oson, lekin ishonchsizlik bildirsalar sizga umuman hayrixohlik qilmaydi. Ustoz bizga opamizdek bo'lib qoldilar. Samarqandga borganimizda ular bilan yanada yaqin bo'ldik. Oilaviy hayoti bilan ham havas qilishga arzirli ayol ekanlar..
Rustam Mamatov. Ingliz tilidan dars o'tuvchi "nemis o'qituvchi" degan xulosaga kelganman. Juda tartibli, punktualniy inson.  1-sessiyada eng yomon ko'rgan ustozim edilar, 2-sessiyada aksincha eng yaxshi o'qituvchiga aylandilar.
   Umuman bizga dars bergan har bir o'qituvchi o'zining bilim va malakalarini bizga ulashish uchun borlarini berishdi.
Nargis Qosimovadek tajribali, Saydi Umirovdek mehribon, mahoratli pedagoglardan dars olganimiz bilan faxrlansak arziydi.
 Lekin dars o'tish metodikasi eskirgan, "talabaga baqirib, jerkib muomala qilsam mendan qo'rqadi va meni hurmat qiladi", deb o'ylaydigan pedagoglar ham yo'q emas. Bunday o'qituvchilar darsidan esa nima o'rganganingizni bilmay tugatar ekansiz. Yoshi katta ustozlarni hammasi ham mahoratli bo'lavermas ekan. Bir-ikkita fanlardan bizga darsga kirgan ustozlarim haqida shunaqa xulosaga keldim. Balki, ular bizni fakultet kafedralaridan bo'lmagan pedagoglar bo'lgani uchunmi, xuddi begonaning bolasiga muomala qilgandek o'zlarini tutishdi shekilli, xullas ular bizni yaxshigina qo'rqitishdi.
 Ayni paytgacha bizga bilim bergan ustozlarimizgan katta rahmat!!! 2-kursda sizlarni ilm dunyoingizdagi gavharlarni terib olishga yanada katta ishtiyoq bilan harakat qilamiz! 

четверг, 2 июня 2016 г.

"Layli va Majnun"

Layli va Majnun, Farhod va Shirin, Otabek va Kumush. Bu nomlar tillarda doston bo'lib, har birimizning tasavvurimizda armonli muhabbat timsollari sifatida joy olishdi. Armonli muhabbat timsollar...
Agar ular yaxshilik bilan tugaganida hech kimni yodida qolmas edi. Hech bir armonli muhabbat sohib va sohibalari ularni qayta-qayta tilga olmas edilar.

"Abiturentlik davrimda "Layli va Majnun" dostonidan berilgan parchani o'qib, shu dostonni to'laligicha o'qish uchun uch kun vaqtimni sarflaganman. Tugatmagunimcha hayolimga ustozlarimning bergan hech bir topshiriqlari kirmagan edi. O'qishga kirdim, buni qarangki, 2-kursligimizdan bizga arab alifbosi o'rgatila boshladi. Arab yozuvini o'rganar ekanman, "Layli va Majnun"ni asl variantida o'qiy olishimdan xursand edim. Dastlabki saboqlardan keyin Alisher Navoiy asarlari saqlanadigan muzeyga borib u yerdagi ma'lumotlar bilan qiziqdim. Sevimli asarimni o'qiy olish darajasiga yetganimda ikkinchi bosqichni tugatayotgan edim. Yozgi ta'til davomida uni qayta qayta o'qidim. Bunga sabab... armon bo'lgan muhabbatimni Layli darajasiga yetkazish edi. Tengdoshligimiz va mening talaba ekanligim, Laylimni o'zga uyga jimgina kuzatib, unga baxt tilashdan o'zga chora yo'qligini tushuntirdi.
Bugun, men bakalavr darajasini olishim uchun bitiruv malakaviy ishimni yoqlash arafasidaman. Mavzu: Layli va Majnun kompazitsiyasi. Men ularni o'z asarimda birlashtirdim. Bir birining vasliga yetisha olmagan sevishganlar men yaratgan eksponatda visol topdilar." Z.Q.

Suhbatdoshimni o'sha kuni aytgan shu gaplaridan keyin "juda hayolparast yigit ekan a" -degan fikr hayolimga kelgan edi.
U yaratgan kompazitsiya ham tushunarsiz.
-Bu shakllardan qay biri Layli-yu qaysinisi Majnun?
-Buni sizga aytmayman, topishga harakat qilib ko'ring. Ularni topganingizda siz ham o'zingizni haqiqiy Majnuningizni uchratasiz"
Ushbu tasvir meni juda o'ylantirdi, ularga soatlab tikilib topishga harakat qilayapman, hali topganimcha yo'q...''