вторник, 22 декабря 2015 г.

Yilning eng yaxshi blogeri kim?

Bugun, Kamolot YoIH tomonidan 4-marotoba tashkil etilgan, "Yilning eng faol yosh jurnalisti" respublika ko'rik tanlovi bo'lib o'tdi. Tanlovda haqiqiy iste'dodlar munosib taqdirlandi. Rostini aytsam, Kamolotni yoshlarga nisbatan bu qadar e'tiboriga tahsinlar o'qisa ham kam. Kamolot tomonidan tashkillashtirilgan tadbirlarga qatnashishim birinchi marta emas, 14-17 iyun kunlari Bo'stonliq tumanidagi so'lim  oromgohda o'tkazilgan "Yosh reportyorlar" media treningida blogerlar nomida qatnashgan edim. Bugun esa Kamolotning "Yilning eng faol yosh jurnalisti" tanlovida "Yilning eng yaxshi blogeri" nominatsiyasini qo'lga kiritdim.  Ochig'ini aytaman men buni kutmagandim. Chunki, blogerlar orasida eng yaxshilar juda ko'p. Bugungi kunda internetda shaxsiy sahifasiga egalar (blogerlar) internet foydalanuvchilarining kuzatuvida. Dolzarb, muammoli, tanqidiy, tahliliy postlarni yozib o'z fikrlarini keng ommaga e'lon qilishlari orqali tanilgan Sanjar Said, Kama Noir, Xushnudbek Xudayberdiyev, Gulruhsora Xudayberdiyeva, Jamshidbek Niyozov, Isroiljon Tillaboyev, Fozilbek Yusupov kabi qalami o'tkir, so'zi "zahar" blogerlar nafaqat men, barcha uchun eng yaxshi blogerlardir. 
Kamolot YoIH nega meni eng yaxshi bloger deb tanlaganliklarini bilmadim-u, lekin men taniydigan blogerlar orasida eng yosh blogerman☺☺, balki shu asosdan meni tanlashgandir. Chunki, tanlov "Yilning eng faol yosh jurnalisti" deb nomlangan. 
Bugungi natijadan keyin Xushnud aka Xudayberdiyevni aytgan bir gaplari esimga tushdi: "Qo'limdan kelmaydi deb harakatni to'xtatmang, o'xshasa natija sizniki, o'xshamasayam hech nima yo'qotmaysiz". Men ham bu tanlovga o'xshamasa hech nima yo'qotmayman-ku deb topshirgan edi.

Ko'rik tanlovni tashkillashtirgan Kamolot YoIH xodimlariga katta rahmat, e'tibor-u e'tirofingizdan boshim osmonga yetdi. Eng yaxshi deb hisoblabsizmi, endi eng yaxshi bo'lishga majburman!

суббота, 19 декабря 2015 г.

"Muhabbat"

Yuzidagi tarsaki izini bildirmaslik uchun chunonam pardoz qildi. Ko'zlari qizarib, qovog'i ishib qolganidan ming urinmasin kechagi yegan kaltaklarni "belgilari" sotib qo'yayotgan edi.
-Ming lan'at sevgingayam, men shuni orzu qilganmidim? Butun hayotimni, orzularimni shunga almashganmidim? Ortiga o'girilib, xurrak otib uxlab yotgan eriga qaradi-yu, yuzini ters burib,  chamadanini sudrab yotoqdan chiqdi. Zaldagi suratlarni ham hammasini yig'ishtirdi.
-Meni endi, suratlarimni ham topolmaysiz.
Bu uyda meni eslatadigan hech narsa qolishini istamadingizmi, endi istasangiz ham topa olmaysiz. U o'ziga o'zi gapirar, ko'zidan esa yana sharros bo'lib yosh oqar...

Saida universitetning eng go'zal, oldi qizlaridan edi. Universitetda unga oshiq bo'lganlarning ko'pini dardini ichida qoldirib 2-kursdayoq turmushga chiqdi. "Sevib qoldim, o'ldim, kuydim shundan boshqasiga tegmiyman"- deb ota-onasi qarshiligi bilan qurilgan oila bir oy o'tar- o'tmas "akademik ta'til" olishganidan "tinchidi".
-Mayli, erim rashkchi. Meni sevganidan qizg'onib o'qishga borishimni istamayapti. Ayol uchun eng muhimi oila, er, bola-chaqa. Men hayotimni Farhod akamga bag'ishlayman"- deya o'ziga taasalli berdi. Hayoti bir qadar osuda bo'lsa-da, asossiz rashk, bo'lar bo'lmas "dedi-dedi"lar Saida yuzini rang-barang qilardi. Dod solib uyiga bora olmaydi, o'zi pishirgan osh.
Farhod o'rtog'i Ibrohim bilan to'lib-toshib kirib kelganida Saida behol, quvvatsizgina eshikni ochdi.
-Ibo, odamlarni xotini kelganida kulib kutib oladi, bizni xotinni Xudo urgan, ma ol baliq opkeldim tezroq qovur, choy tayyorla"-deb qo'lidagilarni Saidaga uzatdi. Ikki oydan buyon kuchli toksikoz tufayli Saidaning darmoni qurugan, na yeyishida, na ichishida "mazza" bor.
Oshxonaga kirib yelim xaltalarni ochar ekan dimog'iga urilgan baliqning yoqimsiz hididan ko'ngli ozib vannaga yugurdi.
-Ey Xudo rahming kelsin! Qanday qilib qovuraman? Qovurmasam yana uradi. Orqasidan kirib kelgan Farhod: "Nima qilyapsan bu yerga kirvolib, men senga nima dedim?"
"Farhod aka ko'nglim ozyapti baliqni hidiga, qaynatma sho'rva qilganman shundan olib kira qolay"- deya ko'zlarini pir-piratib eriga qarardi.
-"Ish qilmaslikning zo'r yo'lini topvolgansan, nimadan ko'nglin aynimaydi o'zi ayt, balki uyingga ketsang ko'ngling aynimas, uyga mehmon opkelsam qilig'ing chiqadi seni
- unaqamas, atay qilmayapman.
-Qanaqa unda a? - deya yuziga kelib tushgan tarsakidan Saidaning ko'z oldi qorong'ulashdi, boshi aylanib, behush Farhod tomonga yiqildi.  Tez yordam mashinasida kasalxonaga yetib borishganida Saidaning yuragi ostida urayotgan mitti yurakcha to'xtagan edi.
-Kamqon, quvvatsiz ayolga ham shunchalik bee'tibor bo'ladimi kuyov bola? Bolasidan ajraldi, endi kelinni avaylang, o'ziga kelib olsin, ancha kuchi ketgan"- shifokorning aytgan so'zlari Saidani yuragiga xanjardek sanchilar edi. Qani edi soat millari uch soat ortga qaytsa. Nima qilib bo'lsa ham o'sha yer yutgir baliqni qovurar edi. Ikki  kun kasalxonada qolishi kerakligini aytdi. Shu ikki kunda na eri, na uning biror qarindoshi Saidani holidan xabar oldi.
-Qayerdasiz? Meni kasalxonadan olib ketasizmi? - xonadoshining telefonidan xijolatona qo'ng'iroq qilar ekan, ular oldida erini yana biror nima deb kamsitib qolmasin deya, telefonni ikkinchi qo'li bilan berkitib gaplashardi.
-Yo'lni bilmiysanmi? Men og'aynilarim bilan Xumsondaman, ertaga boraman. Oyimni uylariga bor, ertaga tug'ilgan kunlari, qarashib yubor.- go'shak ortidan qisqa tovoshlar eshitilar Saida bo'lsa: "Xo'p jonim, ishingizdan ovora bo'lib kelib yurmang maylimi, men o'zim yetib olarman". -shunday deya telefonni o'chirgan bo'lib xonadoshiga uzatdi. Davlat ishida ishlash osonmasda, rosa ishlari ko'p, ovora bo'lmasinlar dedim"-deb narsalarini olib yo'lga chiqdi. Bekatda nechi soat o'tirdi bilmadi, har xil odamlar o'tib qaytar lekin hech biri senga nima bo'ldi deya Saidadan hol so'ramas edi. Sovuq o'tgani sezilib, to'xtagan avtobusga chiqdi. Avtobus o'sha shirin orzularga berilib, Farhodga Shirin bo'lib yurgan ko'chalardan o'tib borar edi. O'sha paytlar nega uni bunday jirkanch inson ekanligini bilmagandi. Qulog'i kar, ko'zi ko'r bo'lib qolgan ekan o'shanda. Mana endi ko'zlari moshdek ochildi-yu, endi kech!
Sim-sim oqayotga ko'z yoshini to'xtatishga urinardi. Kimdir yelkasini turtdi.
-"Singlim tuzukmisiz, biror joyingiz og'rimayaptimi?" -konduktor yigit uni anchadan beri kuzatib o'tirgan edi, oxiri sabri yetmadi.
-Yaxshiman, ko'zimga narsa kirdi shekilli.
-Ha unda yaxshi, yo'l haqini to'lab yuborasmi?
-Mana -deya pul uzatib yana ko'chaga yuzlandi.
Avtobus "Mustaqillik maydoni" yonidan o'tar ekan, har yili o'rnatiladigan archani bezatish ishlari boshlangan edi. Mana shu archa tagida bundan bir yil oldin Farhod unga sevgi isxor qilgan edi.
-"Mayli, hali ko'p farzand ko'ramiz"- deya sumkachasidan ko'zguni olib qizargan ko'zini artib qo'ydi.

Saida yana besh oy erining kamsitishlariga, kaltaklariga chidadi. Lekin, hiyonat! Bunga chidab bo'lmaydi. Uni bu inson bilan ushlab turgan birgina asos- MUHABBAT edi. Demak, undan ham ayrilibdi.
-Menga nima, senga nechi marta aytishim kerak, men Hilolani sevib qoldim. Xohlasang yasha, xohlamasang ana katta ko'cha. Seni ko'rishni istamayman. Men uchun sovigan... e bor ko'zimga ko'rinma " -beixtiyot kelib tushgan navbatdagi tarsakidan Saidaning yuzi lovillab yonib ketdi.
Jimgina yotoqxonaga kirib, uzoq yig'ladi. Alamahalgacha uxlolmay yotdi, zaldan erining telefonda kimningdir erkalab gapirayotgan ovozi eshitilardi. 

пятница, 18 декабря 2015 г.

Danagidan mag'zi shirin

Hafta kunlaridan shanbani yaxshi ko'raman, yana yahudiy deb o'ylamang! Alhamdullah muslimaman! Nega unda deysizmi? Shanbadan keyin dam olish kuniligi ham emas))), "Zakovat" mashg'ulotlari aynan shu kunda bo'lgani uchun tezroq shanba kelishini kutaman. Bugun shanba, darsdan chiqdim soat 12:50, uyga borib kiyimlarimni almashtirib, mashg'ulotga ketishga ulgirarkanman deya bekatga yo'l oldim. Kun sovuq, kamiga grippman avtubus kutish sira yoqmayapdi. Nailoj, praznoydaman bo'lmasa metroda ketardim. 94-avtobus ham keldi, har doimgidek odam kam. Oldi o'rindiqlardan biri bo'sh ekan.
 Orqamda ikki ayol baland ovozda gaplashib ketayotgani sira yoqmayapdi, qaniydi naushnikkim bo'lsa-yu, boshimni oynaga qo'yvolib, mazza qilib musiqa eshitib ketardim. Xohlamasamda ikki ayolni suhbatini tinglashga majburman.
-Kattamni o'g'lini tomog'iga qiltanoq tiqilib qoldi. Yuragim oyog'imga tushib ketdi o'ziyam,  bolasiga yopishayotgan kelinimni urvorganimni sezmay qoldim. Baliqni bolaga qiltanoqdan tozalamay bergan, befarosat! Jon shirin-da egachi, nevaram og'ziga qo'lini tiqib qiltanoqni itarib yubordi. Ko'zlari ola-kula bo'lib ketganidan, o'lib qolsa-ya deb qo'rqib ketdim.
- Xudo asrabdi. Nevaralaringizni biram yaxshi ko'rasiz-ki opajon. Danagidan mag'zi shirin deganlari bekorga emas ekanda- a?- dedi ikkinchi ayol.
- Bir kun ko'rmasam nimamnidir yo'qotgandek yuraman. Kelinlar uyiga ketsayam bolalarni qoldirib ketinglar, yoki kechga qaytib kelinglar deyman. Kichkinamni qizchasiyam balodekkina bo'lib qolgan, bijir-bijir, maxmadona. O'zi endi yurdi, lekin qilmagan shumligi yo'q, hali xontaxtadagi narsalar yerga tushirsa, hali akalarini  kitob daftarlarini yirtadi. Kecha bolalar uyni yasatishdi, zar-par, balo battar degandek. Uyga borsangiz hammayoq archa bayram. Archani teparoqqa qo'yinglar deyish esimdan chiqibdi, shu desangiz bir payt tarqa-turuq bo'lib ketsa deng. Qarasak, Muniraxon archamizni dumalatibdilar.
- Ustiga yiqilmaganmi ishqilib?
-Hay yo'q, yonmachasiga yiqilgan. O'yinchoqlari sinibdi, hozir O'rikzordan archaga o'yinchoqchlar, yulduzcha oldim. Bolalarim xursand bo'lsin! Shular borligi uchunam yashab yuribmiz-ku.

Ular suhbatini "Qani kenayi sizlarda nima ekan?"-deya berilgan savol bo'lib qo'ydi. Konduktor 2000 so'mni olib, ikki chiptani yirtib berdi-yu, avtobus orqa eshigiga  o'tib ketdi.

Buvijonlarimiz umri uzoq bo'lsin! O'tganlarini  oxirati obod! 

вторник, 15 декабря 2015 г.

Ixtisoslashish kerakmi yoki universallashish?

Tishim og'rib uch kun qiynaldim, har xil og'riq qoldiruvchi tabletkalar ichdim, namokob suvga chaydim, aroq ham ichib ko'rdim hullas kim nima desa qildim. Uchinchi kuni kechasi og'riqqa chidolmay onamga "siz do'ktirsiz-ku bir nima qiling" -deb yig'ladim. "Stomatologga bor dedim nechi marta, men senga tish doktormanmi?"-deb yana fanigan tabletkasini berdilar.    Yurak yutib tish doktorga bordim-u, meni qiynagan darddan bir lahzada halos bo'ldim.

Jurnalistikani ham xuddi tibbiyotga o'xshataman. Jurnalistikaning ham ixtisosligi juda ko'p, qaysi sohani olib qaramang hammasiga OAV kirib borgan. Ular bevosita jurnalistlar bilan mustahkam aloqani o'rnatgan.

Ustoz: "Ixtisoslashish kerakmi yoki universallashish shu mavzuga tayyorlanib kelinglar"-deb vazifa berdilar, uzoq o'ylab blog yozsam yaxshiroq degan fikrga keldim. Ertaga meni eshitishlariga vaqt yetadimi yo'qmi bilmiyman, biroq shuni aniq bilaman blogimni o'qiydilar. Meni fikrimcha, jurnalistikada ixtisoslashgan ma'qul, lekin jurnalist boshqa sohalar yuzasidan fikrlari universal bo'lmog'i lozim. Aytaylik, tibbiyot haqida hech qanday ma'lumotga ega bo'lmagan, yurakni qanday a'zo ekanligini, yurak kasalliklarini davolovchi shifokor- kardiolog ekanligini, yurakda 4 ta klapan borligini bilmagan jurnalist "Yurak" haqida hech nima yoza olmaydi yoki ekran orqali namoyish etiladigan lavhasida kimdir yozib bergan matnini o'qiganida ham "yurak"dan chiqmaydi.
Yuqorida jurnalistikada ixtisoslashish kerak dedim. Xalqimizda "Ikki qayiqni boshini tutma, oxir oqibat g'arq bo'lasan"- degan hikmat bor. Bu hikmat o'z yo'nalishini topa olmay har qayoqqa o'zini uradigan, hech bo'lmasa biror joydan uchqun chiqar deya yuguradigan insonlarga nisbatan aytilgan shekilli, yo'nalish tanlaganimizda ham o'zimizga aniq maqsad qo'yib, harakat qilsak ko'proq muovafaqiyatga erishsak kerak. Men o'z oldimga informatsion dasturlar boshlovchisi bo'lishni yoki huquqshunoslikka ixtisoslashgan jurnalist bo'lishni maqsad qilib o'qishga kirdim. Boshida ikkilandim, qaysi bir yo'nalish menda birlamchi bo'ladi? Qaysidan ketsam to'g'ri bo'ladi?. Huquqshunoslikka ixtisoslashaman deyishimga sabab: Yuridik kollejida o'qiganim, shu sohaga oid materiallarni ko'proq o'rganim bo'lgandi. Ikkilanib yurgan kunlarimdan birida facebookda bir e'longa ko'zim tushdi. "Davr" informatsion dasturida bir necha yil boshlovchi bo'lib ishlagan Najot Nurni mahorat maktabi bor ekanligi, teleboshlovchilik sirlarini o'rgatishlari yozilgan edi.  Shu kurs meni ikkilanishlarimga nuqta qo'yadi deya, ustozim Najot akani yonlariga bordim. Hali kursni tugashiga yana 10 kun bor, lekin 3 oy davomida o'zim uchun juda ko'p narsa o'rgandim. Eng muhimi o'zimga yo'nalish tanlab oldim. Informatsion yo'nalish menga kerak ekan deya xabarlar yozishni o'rganyapman. Jurnalist ixtisoslashi kerak, ammo bilimlari universal bo'lishi shart degan xulosaga keldim. Bunga bir misol sifatida Najot akani aytishim mumkin. Hammamiz ularni yaxshi informatsion dasturlar boshlovchisi sifatida bilamiz, lekin Najot akani ajoyib yozuvchi, qator maqolalar muallifi, badiiy matnlarni ajoyib o'qishlarini va musiqachi ekanligini bilmaysizlar. O'zlarini aytishlaricha, bir yo'nalishni tanlab o'shani sir-asrorlarini mukammal egallash kerak deydilar. Xuddi ginekologni bolasini tishi og'rib qolsa hech bo'lmasa unga "fanigan" tabletkasini ichrishni bilganidek, jurnalist ham ixtisoslashsada boshqa yo'nalishlar haqida umumiy ma'lumotga ega bo'lishi darkor.

суббота, 12 декабря 2015 г.

Oltin davrning 100 kuni

Vaqtni oqar daryoga qiyoslashlari bejiz emas, hash-pash deguncha oltin davrimning yuzinchi kuni ham o'tib qo'yibdi. Yuz kunda yuz yilga ta'tiydigan unutilmas voqealar sodir bo'ldiki, bu xotiralar har birimizning umr daftarimizda o'chmas iz qoldirdi. Patokda 38 talaba o'qishni boshladik. Boshqa fakultetlarda qanaqa bilmadim-u, lekin jurnalistikada faqat aqllilar o'qishga kiradi. Bizni kursda esa o'ta aqllilar o'qimoqda... Boshida bir-birimizni sabrimizni sinadik, tishni tishga qo'yib chidadik. Mana 100-kunga kelib "portlash"lar sodir bo'lmoqda(!) O'qishning birinchi kunida bir kursdoshim o'zini tanishtirganida, o'zi haqida: "Meni o'quv markazim bor, ilmiy maqolalarim chet el gazetalarida chop etilgan, yevropaning qaysidir davlatida (esimda yo'q, menimcha Germaniyada degan edi) o'tkazilgan blogerlar tanlovida faxrli o'rinni olganman"- bundan tashqari nomdor davlat mukofoti sohibasi ekanli "Charos sendan 4 yosh kichik qiz shuncha narsaga erishibti, sen nima qilding?"- degan savoldan uyalib, o'zimni o'zim koyigan edim. Lekin, keyin bilar ekansiz kimni qanday iqtidorga ega ekanligini! Informatika darsida blogerlik haqida kursdoshlarimga "master klass" o'tib berdim)))) Zo'r yozmasamda, har holda shu sohaga aralashib yurgani uchun borimni ularga ulashdim. Rosti, o'sha prezentatsiyamda hamma kursdoshlarim meni diqqat bilan tinglashdi. Men kutgan, kutmagan savollarni berishdi, xullas bee'tibor o'tirganlar bo'lmadi. Lekin o'sha "blogerlar tanlovi g'olibi" bo'lgan kursdoshimni gapi ensamni qotirdi. "Men jurnalistika talabasiman, blog yozish menga endi to'g'ri kelmaydi. Men ilmiy maqolalar yozishim kerak"-degan gapidan keyin bir kursdoshim: "Qani siz ham blogingiz manzilini aytingchi o'qib ko'raylik"- degan savoliga javob bermasdan gapni boshqa yoqqa olib qochdi. Men bu yerda kimningdir shaxsiyatiga tegish niyatida emasman, shunchaki har kimning gapi qiladigan ishiga mos bo'lishi kerak demoqchiman. Yolg'on gap bilan obro' olishimiz o'zimizdan "yulduz" yasashimiz mumkin, lekin yolg'onlar fosh bo'lganda yer bo'lgan obro'ni qayta tiklab ololmaymiz!
Kursdosh yigitlar. Kursimizda 10 yigit bor, har biri o'zgacha xarakter egasi. Shu paytgacha birorta yigit haqida salbiy fikr menda bo'lmadi. Aksincha, ba'zi kursdosh yigitlarga hurmatim kundan kunga oshib bormoqda. Potochniy staristani saylanganida Muzaffar ismli kursdoshim sardor bo'lganida "boshqasi bo'lganida yaxshi edi"-degan fikr hayolimdan o'tgandi. O'qishning birinchi kunlarida qovog'ini solvolib o'zidan jiddiy qiyofa yasab olgan kursdoshimni yoqtirmagan edim. Ilk taassurot aldamchi ekan. Muzaffar yigitlar ichida eng kirishimli, mulohazali, farosatlisi ekan. U bilan bir guruhda o'qiymiz, qanaqa muammo bo'lmasin o'ta bosiqlik bilan hal qiladi. Sekiiingina o'z fikrini hammaga o'tkaza oladigan haqiqiy STARISTA! Boshqa yigitlar ham juda yaxshi ularni har birini alohida xurmat qilaman.

Kursdosh qizlar. Hali hech biri meni hayratlantirmadi. Quruq gaplarga boshida havasimni ortirgan kursdoshlarim bo'lgan, amalda hech birini ko'rmadim. Bir narsani alohida aytishim kerak 102-guruh (meni guruhim) qizlari pazanda ekan. Guruhdosh qizlar o'zaro kelishib har kuni uyda ovqat qilib keladigan bo'ldik. Bu tashabbus yigitlarimizga ham yoqdi, asosan viloyatdan kelgan yigitlarimiz uy ovqatlarini sog'inayotgani sezilib turardi. Startni men boshlab berdim. Birin ketin 8 ta qiz uyida (yotoqxonasida) ovqat tayyorlab keldi. Yigitlar xursand, ularni maqtovidan esa bizni boshimiz osmonda.

Oxirgi 10 kunlikda kursimizda ochiqdan ochiq jang boshlagan, eng yomon qizlar bir birini haqorat qilishayotganligi oliy ta'limda o'qiyotgan "oliya" qizlarga yarashmaydigan gaplarni aytishlari, o'qituvchilar oldida o'zini ko'rsatish "musoboqa"si avj olgani achinarli hol.

Yuz kunda shuncha voqealar bo'ldi-yu, yana 3,5 yil bizni nimalar kutmoqda ekan!

P/S: Bu postni o'qiyotgan kursdoshlarimga murojaat: Gaplarimdan xafa bo'lmang, har kim haqida sizni o'z fikringiz bor. Bu meni xulosalarim, hali bular nechi marotaba o'zgaradi. Men bilmaydigan qobiliyatlaringiz juda ko'pligini ham bilaman. Amalda ko'rib ta'sirlansam, u haqida albatta post yozaman!

среда, 2 декабря 2015 г.

Maxsustransga "maxsus" murojaat

 Kundan kunga chiroy ochib borayotgan shahrimizning obodligi, ozodaligini ko'rib ko'zingiz quvonadi. Shahar markazidagi saramjon ko'chalardan yurar ekansiz, ko'chalarni chinni chiroqdek qilib tozalab qo'ygan shahar obodonlashtirish boshqarmalarida ishlaydigan
xodimlarga tahsinlar o'qiysiz. Lekin dilni xira qiluvchi, ko'rgan odamni o'sha "ozoda" joylardan burun yopib o'tishiga majbur qiluvchi go'shalar ham shahrimizda talaygina. Obodlikni o'z uyingdan boshla naqliga amal qilib, men ham go'zal poytaxtimizning Yashnobod tumanida yashovchi bir fuqaro sifatida "Bobur" mahallasidagi ba'zi e'tiboringizdan chetda qolgan burchak haqida to'xtalib o'tmoqchiman.

Bir necha yillardan beri ishlamayotgan 165-maktabgacha ta'lim muassasini oldidagi bu holatni ko'rib bee'tibor o'tib keta olmadim. Yuqoridagi rasmlar 24-dekabr kuni suratga olingan bo'lib, bugun ertalab ham shu holatda edi. Bu axlatlar soni kundan kunga ortib bormoqda, vaholanki 2 chaqirim ham kelmaydigan joyda maxsus axlat tashlash joylari joylashgan. Yaqinda, adashmasam 2 kun avval shu "axlatxona" yaqinidagi ko'p qavatli uylardan biridan qiz uzatildi. To'y kunidagi video tasvirlarda bu axlatlar qay holatda tushganligi haqida gapirmasdan, o'sha qizga kelgan sovchilar bu axlatlarni ko'rib mahallamiz haqida qanday fikrlarni ko'nglidan o'tkazdi ekan. 1-2 oylardan beri to'planib yotgan axlatlarni olib ketishlarini mutasaddi tashkilotlardan iltimos qilib so'rayman.

вторник, 1 декабря 2015 г.

Oylik yo'l chiptasi

Soat 18ga yaqinlashib qolganiga qaramay oylik yo'l chiptasini olish uchun Kadishev bozori yaqinidagi chiptalar sotiladigan butkaga otlandim. Onam: "Kech bo'ldi, ertaga olarsan"- deyishlariga qaramay, "Boriy qani, yopiq bo'lsa ertaga olaman, bozordan non, mastavaga ko'kat ham olib kelarman"- deb uydan chiqdim. Bekatga 1-2 chaqirim qolgan joyda, kichik tadbirkorlar ko'chma bozorcha tashkil qilishgan. Ko'kat olish hayolimga kelib, izlay boshladim. Yo'lakning eng oxirida yog'och yashikning ustiga ko'katlarni qo'yvolib, bir dasta 200so'mliklarni sanayotgan ayolga ko'zim tushdi.
-Keling qizim, ko'katni qanaqasi kerak?
-ukrop, petrushka keyin 3-4 ta garimdoriyam bering.
-1000 so'm bo'ladi, qizim mana bu limondan ham oling, sizga 3 tasini 1000 so'mga beraman.
-Yo'q, limon shartmas!
-Xohlasangiz, 4 tasini oling. Menga 1000 so'm kerak edi.
-Uzr, kelinoyi menga limon kerak emas, kechirasiz!
Ko'katlar solingan paketni olaman deb ayolning muzdek qo'llariga tegib seskanib ketdim. Qadoq bo'lgan qo'llarning chiziqlari yashil tusda ekanligi halol tirikchilikning namunasi edi nazarimda. Non olib, yo'l chiptasi sotiladigan butka tarafga o'tdim. Yog' olgani, shakar olgani navbat bo'lishini bilardim-u "proyzdnoy"uchun navbatni ko'rmagandim. Mayli, muhimi yopiq emaskan deb navbatga turdim. Hamma tez-tez olib ketyapti, 2-3 ta odam qolganda tezlik susaydi.
-Yo'q opa, men bugun plan topshiraman, puliz bo'ganda olasiz, nima bu sizga kartoshka piyozmi ertaga 1000 so'mni berib ketaman deysiz, qani kim keyingisi tezroq bo'linglar" - do'kon oynasi oldida boshlari egilib turgan ko'katchi ayolga ko'zim tushdi. Afsuslanib ketdim. Limon olmasam ham ko'proq ko'kat olsam bo'lardi-ku.
-Xola, siz limon sotasiz a? Oyim 3 ta limon opkel deb telefon qildilar, mana 1000 so'm. Ularga pul uzatar ekanman, aybimni yuvishdagi axmoqona harakatimdan o'zimdan o'zim nafratlanardim.
-Xo'p, xo'p hozir limoni olib beraman, prayznoy olvolay maylimi
-Bemalol, men ham navbatdaman- dedim-u pulni olganlaridan keyin yengil tortdim.
-Mana, bitta "o'quvchi", 50.000 to'liq- deb ayol pullarni uzatdi.
Men olib bo'lgunimcha kutib turdilar.
-Talabamisiz? Meni qizim kollejda o'qiydi, institutga tayyorlanyapti.
-Omadlarini bersin. Boshqa so'z ayta olmadim. Ko'zim yoshga to'lib qolgan edi, biror so'z desam yig'lab yuborishim aniqligi uchun indamay ayol ortidan ergashdim. O'ng tomonga oqsabroq qadam tashlaganlashlariga, kiyimlarini qavat-qavat kiyib, rangi uchgan ro'molni o'rab olganlariga qaraganda turmushning mushti faqat shu ayolning yelkasida ekanliga seziladi. Tirikchiligi ko'kat sotish bilan o'tayotgan bo'lsa-da, qizini institutga tayyorlanishi uchun sharoit qilib berish faqat va faqat ONAning qo'lidan keladi.
-Mana 4 ta limon, qizim! Katta rahmat sizga
-Yo'q, 3 ta limon yetadi. Rozi bo'ling!