вторник, 1 декабря 2015 г.

Oylik yo'l chiptasi

Soat 18ga yaqinlashib qolganiga qaramay oylik yo'l chiptasini olish uchun Kadishev bozori yaqinidagi chiptalar sotiladigan butkaga otlandim. Onam: "Kech bo'ldi, ertaga olarsan"- deyishlariga qaramay, "Boriy qani, yopiq bo'lsa ertaga olaman, bozordan non, mastavaga ko'kat ham olib kelarman"- deb uydan chiqdim. Bekatga 1-2 chaqirim qolgan joyda, kichik tadbirkorlar ko'chma bozorcha tashkil qilishgan. Ko'kat olish hayolimga kelib, izlay boshladim. Yo'lakning eng oxirida yog'och yashikning ustiga ko'katlarni qo'yvolib, bir dasta 200so'mliklarni sanayotgan ayolga ko'zim tushdi.
-Keling qizim, ko'katni qanaqasi kerak?
-ukrop, petrushka keyin 3-4 ta garimdoriyam bering.
-1000 so'm bo'ladi, qizim mana bu limondan ham oling, sizga 3 tasini 1000 so'mga beraman.
-Yo'q, limon shartmas!
-Xohlasangiz, 4 tasini oling. Menga 1000 so'm kerak edi.
-Uzr, kelinoyi menga limon kerak emas, kechirasiz!
Ko'katlar solingan paketni olaman deb ayolning muzdek qo'llariga tegib seskanib ketdim. Qadoq bo'lgan qo'llarning chiziqlari yashil tusda ekanligi halol tirikchilikning namunasi edi nazarimda. Non olib, yo'l chiptasi sotiladigan butka tarafga o'tdim. Yog' olgani, shakar olgani navbat bo'lishini bilardim-u "proyzdnoy"uchun navbatni ko'rmagandim. Mayli, muhimi yopiq emaskan deb navbatga turdim. Hamma tez-tez olib ketyapti, 2-3 ta odam qolganda tezlik susaydi.
-Yo'q opa, men bugun plan topshiraman, puliz bo'ganda olasiz, nima bu sizga kartoshka piyozmi ertaga 1000 so'mni berib ketaman deysiz, qani kim keyingisi tezroq bo'linglar" - do'kon oynasi oldida boshlari egilib turgan ko'katchi ayolga ko'zim tushdi. Afsuslanib ketdim. Limon olmasam ham ko'proq ko'kat olsam bo'lardi-ku.
-Xola, siz limon sotasiz a? Oyim 3 ta limon opkel deb telefon qildilar, mana 1000 so'm. Ularga pul uzatar ekanman, aybimni yuvishdagi axmoqona harakatimdan o'zimdan o'zim nafratlanardim.
-Xo'p, xo'p hozir limoni olib beraman, prayznoy olvolay maylimi
-Bemalol, men ham navbatdaman- dedim-u pulni olganlaridan keyin yengil tortdim.
-Mana, bitta "o'quvchi", 50.000 to'liq- deb ayol pullarni uzatdi.
Men olib bo'lgunimcha kutib turdilar.
-Talabamisiz? Meni qizim kollejda o'qiydi, institutga tayyorlanyapti.
-Omadlarini bersin. Boshqa so'z ayta olmadim. Ko'zim yoshga to'lib qolgan edi, biror so'z desam yig'lab yuborishim aniqligi uchun indamay ayol ortidan ergashdim. O'ng tomonga oqsabroq qadam tashlaganlashlariga, kiyimlarini qavat-qavat kiyib, rangi uchgan ro'molni o'rab olganlariga qaraganda turmushning mushti faqat shu ayolning yelkasida ekanliga seziladi. Tirikchiligi ko'kat sotish bilan o'tayotgan bo'lsa-da, qizini institutga tayyorlanishi uchun sharoit qilib berish faqat va faqat ONAning qo'lidan keladi.
-Mana 4 ta limon, qizim! Katta rahmat sizga
-Yo'q, 3 ta limon yetadi. Rozi bo'ling!

Комментариев нет:

Отправить комментарий