четверг, 19 мая 2016 г.

Uyaltirmang!

Har bir inson tug'ilgan yeri, qishlog'i yoki shahari, umuman kindik qoni to'kilgan joy bilan faxrlanadi. Uni ko'z ko'z qilgisi keladi. Boshqalarda qanaqa bilmadim-u, menda shunaqa. Samarqand tuprog'ida tug'ilganimdan, men tug'ilgan qishloq va go'zal Samarqand shahri dunyoga mashxurligidan quvonaman. O'tgan haftada kursdoshlarim bilan Samarqand shahriga va Hazrati Dovud ziyoratgohiga sayohat uyushtirdik. Guruhimiz bilan to'liq yig'ilib birinchi safarimiz bo'lgani uchun, barchasi ko'ngildagidek o'tishini, bu sayohatimiz kursdoshlar yodida bir umrga qolishini istadim. Shahardagi qadamjolarni birma bir ziyorat qila boshladik. Muhtasham madrasa-yu hilxonalar, rasadxona, shaharning zamonaviy obyektlariga tashrif buyurdik. Fayzli, obod va ozoda shaharda yurar ekansiz, chet eldan va respublikamizning turli burchaklaridan kelgan sayohatchilarga mana o'zbek xalqi shunday bunyodkor deb maqtanib olgingiz keladi. Lekin...
 Nafs, ko'zi puldan boshqasini ko'rmaydigan, oriyat, uyat nimaligini bilmadigan ayrim "samarqandlik"larni deb tilingiz qisiladi((((.

Bibixonim maqbarasi va madrasasi bir joyda joylashgan bir biriga qarama-qarshi binolar. Lekin ikkisiga kirish uchun alohida-alohida chipta xarid qilasiz. Chiptalar 1000 so'mdan. Chiptani olib ichkariga kirganingizdan so'ng tushuntiruvchi (gid) sizga bino tarixi haqida aytib beradi va oxirida "ko'nglingizdan chiqarib 1000so'mdan berib keting"-deya bermaganingizgacha qo'ymay lo'lidek pulni so'rab oladi. Xo'p, mayli 1000so'm nima dersiz? Lekin ular qilayotgan ish uchun davlatdan oylik olishmaydimi? Yoki xohlagan "tarixchi" o'ziga shunday lavozimni olib majburiy ixtiyoriy odamlar pulini olishadimi? Shunday holatni Go'ri Amir maqbarasida ham uchratasiz!
-Siz pul bermadingiz, eshitdingizmi berib keting?
Bu gapdan keyin yonida puli yo'q odam hijolat tortib, uyalib qoladi. 100% plastik kartaga stipendiya oladigan biz talabalarni yonida naqd pul yo'q. Kirish chiptalari plastik kartaga ham sotilganidan xursand bo'lib, naqd pulga ixtiyoj bo'lmaganidan mamnun edik.Hammamiz bir birimizga qarab yonidan kimdir 1000so'm, kimdir 500 so'm uzatdi.
-1000 so'mdan berib keting. Bu gaplaridan keyin kursdoshlarim yonida juda juda hijolat tortdim. Bir kunda minglab sayyohlar keladigan bu obidalarga o'z ko'nglidan chiqarib ehson qiluchilar talaygina, ehson qutilari shu maqsadda qo'yilgan nazarimda...
Ziyorat qilgani borganim uchun ular bilan bahslashgim kelmadi. Aslida ham ular sayohatchilardan pul olishga haqqi bormi? Chipta olib kirgan ziyoratchidan nimaga yana majburiy pul undirilishi kerak?

Bu holat Hazrat Dovud qadomjosida ham davom etdi. 1338 ta zina sanab yuqoriga ko'tarilar ekansiz, oddddiy vodoprovod suvini 1000so'mga, tosh qurtni o'rtacha kattalikdagisini 750 so'mga, bir dona saqichni 250 so'mga olasiz. Insof bilanda opa, bu oddiy kran suvi-ku shuniyam sotsangiz"- desangiz, -Bu toqqacha suvni olib chiqish oson emas, a qarang deb, eshakka ortilgan ikkita katta bitonni ko'rsatdi. -Qiyinchilikni sizmas, eshak ko'ryapti-ku"- deb nari ketdim. Bu ham mayli, oddiy suv, Dovud g'orida mayda toshlarni ham 1000so'mdan pullashyapdi. Mana bunisi haqiqiy noinsoflik. Xullas, Bibixonim, Amir Temur maqbaralariga va Hazrati Dovud ziyoratgohlariga borganingizda bu kabi vaziyatlarga duch kelsangiz, hayron bo'lmang! Shunday muborak joylarda insonlarga hizmat qilayapman, ziyoratchilar mamnun ketsin degan fikrni butunlay unutishgan.
Biroq Imom al-Buxoriy maqbarasiga borsangiz majburiy to'lovingiz atiga 600 so'm, u ham bo'lsa muzeyga kirishingiz uchun xolos. Ziyoratgohga kirish bepul, tushuntiruvchiga va Qur'on tilovat o'qib ziyoratchilarni kutib oluvchi dinniy xodim uchun haqiqiy ma'noda ko'nglingizdan chiqarib berib ketasiz. Hech biri bermaguningizgacha boshingizda turmaydi. Ziyoratingizdan xursand bo'lib: "Xush kelibsiz, ziyoratingiz qabul bo'lsin"- deb duo qilib qo'yishadi.

Xulosa o'rnida: Yuqorida sanalgan qadamjolar, obidalar o'zbek xalqining faxri. Ularni ko'rish, ziyorat qilish uchun minglab odamlar oshiqadi. Ko'ngli to'lib, chin ko'ngildan sayohat qilishni istab borishadi. Lekin bu kabi holatlarga duch kelganch esa: eee shumi Samarqand? Odamlarida ham insof yo'q ekan, bu yerlardan qanday insonlar o'tgan-u, bularni ishini qara"- deb qo'yadi. Bu postimni u insonlarni birortasi o'qiydi deb o'ylamayman, lekin qachondir o'qishar degan umidda yozdim. Qilayotgan harakatingizdan bizni uyaltirmang yoki yoningizda terminal ovoling, biz 100% plastikda stipendiya olamiz.'

Комментариев нет:

Отправить комментарий