суббота, 19 декабря 2015 г.

"Muhabbat"

Yuzidagi tarsaki izini bildirmaslik uchun chunonam pardoz qildi. Ko'zlari qizarib, qovog'i ishib qolganidan ming urinmasin kechagi yegan kaltaklarni "belgilari" sotib qo'yayotgan edi.
-Ming lan'at sevgingayam, men shuni orzu qilganmidim? Butun hayotimni, orzularimni shunga almashganmidim? Ortiga o'girilib, xurrak otib uxlab yotgan eriga qaradi-yu, yuzini ters burib,  chamadanini sudrab yotoqdan chiqdi. Zaldagi suratlarni ham hammasini yig'ishtirdi.
-Meni endi, suratlarimni ham topolmaysiz.
Bu uyda meni eslatadigan hech narsa qolishini istamadingizmi, endi istasangiz ham topa olmaysiz. U o'ziga o'zi gapirar, ko'zidan esa yana sharros bo'lib yosh oqar...

Saida universitetning eng go'zal, oldi qizlaridan edi. Universitetda unga oshiq bo'lganlarning ko'pini dardini ichida qoldirib 2-kursdayoq turmushga chiqdi. "Sevib qoldim, o'ldim, kuydim shundan boshqasiga tegmiyman"- deb ota-onasi qarshiligi bilan qurilgan oila bir oy o'tar- o'tmas "akademik ta'til" olishganidan "tinchidi".
-Mayli, erim rashkchi. Meni sevganidan qizg'onib o'qishga borishimni istamayapti. Ayol uchun eng muhimi oila, er, bola-chaqa. Men hayotimni Farhod akamga bag'ishlayman"- deya o'ziga taasalli berdi. Hayoti bir qadar osuda bo'lsa-da, asossiz rashk, bo'lar bo'lmas "dedi-dedi"lar Saida yuzini rang-barang qilardi. Dod solib uyiga bora olmaydi, o'zi pishirgan osh.
Farhod o'rtog'i Ibrohim bilan to'lib-toshib kirib kelganida Saida behol, quvvatsizgina eshikni ochdi.
-Ibo, odamlarni xotini kelganida kulib kutib oladi, bizni xotinni Xudo urgan, ma ol baliq opkeldim tezroq qovur, choy tayyorla"-deb qo'lidagilarni Saidaga uzatdi. Ikki oydan buyon kuchli toksikoz tufayli Saidaning darmoni qurugan, na yeyishida, na ichishida "mazza" bor.
Oshxonaga kirib yelim xaltalarni ochar ekan dimog'iga urilgan baliqning yoqimsiz hididan ko'ngli ozib vannaga yugurdi.
-Ey Xudo rahming kelsin! Qanday qilib qovuraman? Qovurmasam yana uradi. Orqasidan kirib kelgan Farhod: "Nima qilyapsan bu yerga kirvolib, men senga nima dedim?"
"Farhod aka ko'nglim ozyapti baliqni hidiga, qaynatma sho'rva qilganman shundan olib kira qolay"- deya ko'zlarini pir-piratib eriga qarardi.
-"Ish qilmaslikning zo'r yo'lini topvolgansan, nimadan ko'nglin aynimaydi o'zi ayt, balki uyingga ketsang ko'ngling aynimas, uyga mehmon opkelsam qilig'ing chiqadi seni
- unaqamas, atay qilmayapman.
-Qanaqa unda a? - deya yuziga kelib tushgan tarsakidan Saidaning ko'z oldi qorong'ulashdi, boshi aylanib, behush Farhod tomonga yiqildi.  Tez yordam mashinasida kasalxonaga yetib borishganida Saidaning yuragi ostida urayotgan mitti yurakcha to'xtagan edi.
-Kamqon, quvvatsiz ayolga ham shunchalik bee'tibor bo'ladimi kuyov bola? Bolasidan ajraldi, endi kelinni avaylang, o'ziga kelib olsin, ancha kuchi ketgan"- shifokorning aytgan so'zlari Saidani yuragiga xanjardek sanchilar edi. Qani edi soat millari uch soat ortga qaytsa. Nima qilib bo'lsa ham o'sha yer yutgir baliqni qovurar edi. Ikki  kun kasalxonada qolishi kerakligini aytdi. Shu ikki kunda na eri, na uning biror qarindoshi Saidani holidan xabar oldi.
-Qayerdasiz? Meni kasalxonadan olib ketasizmi? - xonadoshining telefonidan xijolatona qo'ng'iroq qilar ekan, ular oldida erini yana biror nima deb kamsitib qolmasin deya, telefonni ikkinchi qo'li bilan berkitib gaplashardi.
-Yo'lni bilmiysanmi? Men og'aynilarim bilan Xumsondaman, ertaga boraman. Oyimni uylariga bor, ertaga tug'ilgan kunlari, qarashib yubor.- go'shak ortidan qisqa tovoshlar eshitilar Saida bo'lsa: "Xo'p jonim, ishingizdan ovora bo'lib kelib yurmang maylimi, men o'zim yetib olarman". -shunday deya telefonni o'chirgan bo'lib xonadoshiga uzatdi. Davlat ishida ishlash osonmasda, rosa ishlari ko'p, ovora bo'lmasinlar dedim"-deb narsalarini olib yo'lga chiqdi. Bekatda nechi soat o'tirdi bilmadi, har xil odamlar o'tib qaytar lekin hech biri senga nima bo'ldi deya Saidadan hol so'ramas edi. Sovuq o'tgani sezilib, to'xtagan avtobusga chiqdi. Avtobus o'sha shirin orzularga berilib, Farhodga Shirin bo'lib yurgan ko'chalardan o'tib borar edi. O'sha paytlar nega uni bunday jirkanch inson ekanligini bilmagandi. Qulog'i kar, ko'zi ko'r bo'lib qolgan ekan o'shanda. Mana endi ko'zlari moshdek ochildi-yu, endi kech!
Sim-sim oqayotga ko'z yoshini to'xtatishga urinardi. Kimdir yelkasini turtdi.
-"Singlim tuzukmisiz, biror joyingiz og'rimayaptimi?" -konduktor yigit uni anchadan beri kuzatib o'tirgan edi, oxiri sabri yetmadi.
-Yaxshiman, ko'zimga narsa kirdi shekilli.
-Ha unda yaxshi, yo'l haqini to'lab yuborasmi?
-Mana -deya pul uzatib yana ko'chaga yuzlandi.
Avtobus "Mustaqillik maydoni" yonidan o'tar ekan, har yili o'rnatiladigan archani bezatish ishlari boshlangan edi. Mana shu archa tagida bundan bir yil oldin Farhod unga sevgi isxor qilgan edi.
-"Mayli, hali ko'p farzand ko'ramiz"- deya sumkachasidan ko'zguni olib qizargan ko'zini artib qo'ydi.

Saida yana besh oy erining kamsitishlariga, kaltaklariga chidadi. Lekin, hiyonat! Bunga chidab bo'lmaydi. Uni bu inson bilan ushlab turgan birgina asos- MUHABBAT edi. Demak, undan ham ayrilibdi.
-Menga nima, senga nechi marta aytishim kerak, men Hilolani sevib qoldim. Xohlasang yasha, xohlamasang ana katta ko'cha. Seni ko'rishni istamayman. Men uchun sovigan... e bor ko'zimga ko'rinma " -beixtiyot kelib tushgan navbatdagi tarsakidan Saidaning yuzi lovillab yonib ketdi.
Jimgina yotoqxonaga kirib, uzoq yig'ladi. Alamahalgacha uxlolmay yotdi, zaldan erining telefonda kimningdir erkalab gapirayotgan ovozi eshitilardi. 

2 комментария: