четверг, 28 января 2016 г.

Birinchi sessiyam

    Ikki haftadan beri xohlasam ham biror narsa yoza olmayapman. Endi kompyuter qarshisiga o‘tirib yozaman deb kirishaman-u “Mutaxassislikka kirish”dan esse  yozishim kerak, “Fotojurnalistika”dan taqdimot, “O‘zbekiston tarixi”, “Nutq madaniyatidan”dan mustaqil ish, xullas bugun ilk sessiyam haqida “yozilishi shart” bo‘lgan postni yozish uchun qattiq kirishishga vaqt topildi. Sessiya haqida  post yozishim shart!!! Nega deysizmi? Hamma talaba- blogerlar sessiya haqida yozgan. Men an’anadan  biroz chekingan holda, avvalo 1-semestrimiz qanday o‘tgani haqida sizlar bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
   10 kunlik “1-kurs maktabi”dan so‘ng rospisaniya chiqdi. O‘qishni boshladik. Avvaliga ma’ruza va amaliy darslarni farqlashimiz qiyin bo‘ldi. Birinchi haftada dars o‘tib ketgan o‘qituvchimizni keyingi hafta ko‘rmasdik, nimaga tizim bunaqa ekan-a, ma’ruzani kim o‘qisa o‘sha o‘qituvchi  baholasa bo‘lmasmikan?- deya hayron bo‘lardik. Ikkita “Mutaxassislika kirish” degan fanimiz bor. Seshanba-chorshanba kunlari bo‘ladi, ikkita “Mutaxassislikka kirishdan”  ikkita o‘qituvchi kiradi, amaliyda ham yana boshqa ikki o‘qituvchi. Bitta fan uchun to‘rt nafar o‘qituvchi ko‘p emasmikan derdim))) Noyabr oyigacha shu ikki fanni farqlolmay yurdim, hattoki ikkala fandan bitta daftar tutganman. Keyin bilsam biri “Nazariyaga kirish”, ikkinchisi “Ijodni o‘rgatish” (adashmayotgan bo‘lsam shunaqa), endi tushunganimda semestr ham tugadi. Bizga o‘qitilgan fanlar orasidan  fotojurnalistika, yangiliklar, nazariyaga kirish, rus tili va informatika fanlarini mazza qilib o‘qidim, o‘zim uchun ko‘p narsa o‘rgandim. Fotojurnalistikadan ma’ruzalarni Nargis Qosimova o‘tdilar. Haqiqatdan ham o‘z sohasining ustasi. Ko‘pincha biror holatni tasvirga olganimizda biz ahamiyat bermaydigan jihatlarni mahorat bilan o‘rgatdilar, darslarimiz juda qiziqarli o‘tardi. Sohasini bilimdoni bo‘lish bilan birga Nargis opa talaba psixologiyasini yaxshi biladigan ustoz ekanlar, bizni qanday qiziqtirishni bilardilar. Guruhchalarga bo‘lib, 10 daqiqada eng yaxshi suratni olib kelinglar deb fakultet tashqarisiga chiqardilar.  Hammamiz o‘ziga xos rasmlarni olishga kirishdik, 10 daqiqadan keyin olgan tasvirlarimizni ustozimga ko‘rsatib, ularni maqtovlarini eshitdik. Nargis opa hech kimni ishini yomon demadilar, ko‘zlarida quvonch bilan: “Zo‘r, malades!”- deyishdan charchamadilar.  Shu fandan amaliyot o‘qituvchimiz- Said Umirov. Bu insonni eshitgan odamni yuzida tabassum yuguradi.  Mahoratli ustoz bo‘lish bilan birga juda mehribon inson. Jurnalistika bilan birga adabiyot sohasini “olti” qo‘ldek biladigan oltin pedogog.   Kitob o‘qishni yaxshi ko‘radigan talabani juda yaxshi ko‘radilar. Sherlok Holms o‘qiganimni eshitib: “Kitob tanlashda  didingiz  zo‘r ekan, qizim”- degandilar, xullas o‘qimagan kitoblari yo‘q. Yaqinda bilib qoldim, domlamiz yoshlari ulug‘ bo‘lsalar-da futbol o‘ynashni yaxshi ko‘rar ekanlar. Siz futbolga ham qiziqadigan talaba bo‘lsangiz domlamizni eng sevimli talabasiga aylanasiz!!! Uzr, domla bilan qiziqishlarimiz umumiy bo‘lgan taraflarga  “o‘tlab” ketib, fotojurnalistika  esdan chiqibdi! Ular bizni “Abdulla Qahhor” uy muzeyiga olib bordilar, muzeyda tarixni abadiylikka muhrlagan nodir suratlarni tomosha qilib, fotograflik kasbi eng sharafli kasb ekanligiga amin bo‘lasiz! Darslarimizda adabiyot namoyandalarining bir biridan ajoyib suratlarini, “Ulug‘ Vatan” urushidagi g‘alaba nashidasi aks etgan tasvirlarni taqdimot qilib, fotografiyaning ro‘li jamiyat uchun qanchalik muhim ekanligini amalda isbotlab berardilar.
“Nazariyaga kirish”.  Bu fandan ma’ruzani prorektor Akbar Nurmatov o‘tdilar. Bu inson - “ tirik ensiklopediya”. Dars o‘tayotgan talabalarining ismini eslab qololmasliklari mumkin, lekin o‘qigan kitoblarni nomi, muallifi, qahramonlarini  umuman esidan chiqarmaydilar. Chet el adabiyotini juda yaxshi ko‘radilar! Bu fandan amaliy darsimizni Firdavs Saidov o‘tdilar. Boshqa kursdoshlarimni bilmadim-ku lekin men shu ustozni darslaridan o‘zim uchun kerakli bo‘lgan ko‘p narsani o‘rgandim. Huquqshunoslikka ixtisoslashmoqchi bo‘lganligim uchunmi, o‘rgatganlari menga juda qiziq va o‘ta ahamiyatli bo‘lgan. Jurnalistikani har jihatini huquqshunoslik bilan “bog‘lab” bera oladilar. Bu o‘qituvchimizdan nafaqat biz hattoki 4-kurslarimiz ham qo‘rqib turadi. Oraliq yoki yakuniy nazorat  olganlarida 1-avgustdagi davlat imtixonidagi nazorat ham “holva”.  Ko‘pchillikni hushidan ketkizgan ustozni fanidan birinchi “5”imni oldim, zo‘rg‘a 86 )))). "Yaxshi o‘qigan talabaga ayamay baxo qo‘yadigan, a’lo bo‘lmasangiz nemis tilida gapirsangiz ham tushunmaydigan o‘qituvchi Firdavs aka bo‘lsalar kerak"- degan xulosaga keldim.
  Bizni qiynagan yana bir o‘qituvchi Valintina Mixaylevna. Rus tilida gaplasha olsamda, birinchi yozgan uy vazifam - tekstni tekshirganlaridan so‘ng lolazorga aylangan matnnimni ko‘rib uyalib ketgandim. Ikkinchi marta hech kimga rus tilini yaxshi bilaman demiydigan bo‘ldim.  Rus tilini shunaqa zo‘r o‘rgatdilarki, tilni umuman tushunmaydigan kursdoshlarim ham tushuna boshlashdi.  Hozir deyarli hamma kursdoshim o‘qituvchi bilan o‘zi gaplashishga harakat qilyapdi,  meni tarjimonlikdan   bo‘shatishyapdi.
    Eng sevimli fanlarimdan yana biri YANGILIKLAR! Halim Saidov  eng zo‘r pedagogliklari bilan birga, hozircha  o‘qituvchilarimiz orasida meni nazarimda eng yaxshi yozadigan  jurnalist. “Talaba qizimga” nomli kitobchalarini mazza qilib o‘qib chiqdim, kitobchadagi maslahatlar  nafaqat talaba qizlar uchun, balki har bir o‘zbek qizi uchun juda muhim! Kreativ fikrlaydigan, intellekti juda yuqori bo‘lgan inson! Har hafta hech bo‘lmasa bitta yangilik yozishimizga “majbur” qiladilar. Boshqa fanlarga o‘xshab bu fandan qiynalib, 12 varaqli daftarni to‘ldirib oraliq, yakuniy nazorat yozib o‘tirmaymiz. Har hafta chiqargan devoriy gazetamiz yakuniy nazoratimiz bo‘lsa, ichidagi yangiliklarimiz joriy va oraliq nazoratimiz uchun baholanadi. Yangicha usulda baholanadigan “Yangiliklar”  fanimiz ayrim kursdoshlarimizni ijod qilishga o‘rgatdi.  Bu fandan amaliy mashg‘ulotlarimizni Nilufar Namozova oladilar.  Juda talabchan, qattiqo‘l, shu bilan birga judayam mehribon o‘qituvchi. Nilufar opa bizning guruh rahbarimiz. Ona bolasiga qanday mehribon, jonkuyarlik qilsa rahbarimiz ham bizga shunday munosabatdalar. Qo‘limizdan yetaklab gazetaga ham olib bordilar, ko‘proq yozishimizni, ovozi-yu yuzi chiroyli bo‘lgan jurnalistdan ko‘ra qalami o‘tkir jurnalistni qadrlaydigan o‘qituvchilardan.

   Semestr  davomida bir biridan qiziq fanlarni o‘rgandik, bizga nimadir o‘rgatish uchun borini ayamagan hamma ustozlarimizga katta rahmat. Endi g‘alvir suvdan ko‘tariladigan payt keldi-yu, har bir talaba harakatiga yarashasini olyapdi. O‘qishga kirishdan oldin, oliygohda o‘qiydigan o‘rtoqlarim: “Sessiyam uchun falon pulim ketdi, bitta fanimdan baxo olish uchun pismadonchi tanishimni aralashtirdim”-  degan gaplarini eshitib qolardim. Shukurlar bo‘lsinki, bizni fakultetda birorta pulga yopdim degan talabani uchratmadim. Bilimimiz, mehnatlarimiz o‘qituvchilarning jurnalida qolib ketmaydi, har kim o‘z mehnatiga yarashasini olyapdi.  

понедельник, 18 января 2016 г.

"G'aribona"


Bor ekanmi ayting bizdan o'zari?
 Ibo - hayo ila libos kiygani, 
Dunyoda bormikan bizdan go'zali? 
Boshda do'ppisi-yu , qirq ta zulf zari !


Kuzatyapsizmi oxirgi 2-3 yilda milliy matolarimizdan tikilgan liboslarga bo'lgan talab kuchaygan. Qizlarimiz egnida lov-lov yonib turgan atlas-u adraslarni ko'rib ko'zingiz quvnaydi. Chiroyli a?
Milliylikga nima yetsin! O'zbek qizining ibo hayosi, ahloqi va shu bilan birga sipo libosi uni dunyoga tanitgan. Mana milliylik, mana madaniyat, mana mentolitet!
Bugungi kunda dunyo podyumlarini bizning kamalak jilosi aks etgan milliy matolarimizdan tikilgan liboslar ham bezamoqda- deb OAV orqali ko'p bora takidlashadi. Jahonning manaman degan dizaynerlari bizning ko'zni oluvchi javohirlarimizga foydalanib kolleksiyalar yaratayotganidan faxrlanib qo'yamiz. Aslidachi?

Bezamoqdami yoki bulg'amoqda?
Yuqoridagi rasmda e'tiboringizni nima tortdi? 
Do'ppimi? Milliy choponmi? Kiyimsiz modelmi? 
Oxirgisi a? Dizaynerlarni fikricha: "Kolleksiya detallarini ifodalash uchun uni o'zini namoyish etish lozim ekan, tomoshabin diqqati model libosiga emas uni do'ppisiga-yu choponiga qaratish uchun "kiyimsiz" chiqqani maqsadga muvofiq". Kechirasiz, qaysi o'zbek bu kolleksiyani ko'rib xursand bo'ladi-da sizni izlab topib shu kiyimni buyurtma beradi? G'arb podyumlarida chiqyapmiz deb chapak chalamiz-u, oyoq osti qilinayotgan madaniyatni o'ylamaymiz! O'zbek matolaridan tikilgan bu "matox"larni ko'rgan g'arbliklar "O'zbek qizlari shunday kiyinar ekan" - degan fikrga kelmaydimi? Bu kolleksiyani ko'rgan moda ishqibozlari uni xuddi shunday kiygisi kelmaydimi? 
Milliylik, qadriyatlar, urf-odatlarga bo'lgan munosabatlarni yoshlar ongiga singdirishga harakat qilinayotgan bir davrda, zamonaviy deya "G'ARIBONA" madaniyat tarafdorlarining bu kabi ijodlari qay darajada maqsadga muvofiq?
Atlasni kiyadigan millati bor. Uni Parij satanglariga ichki kiyim qilinishi uchun hunarmand ter to'kib, ko'z nuri-yu, yurak qo'rini berib mehnat qilmayapti. 
Adrasni kiyadigan o'zbek qizlari bor. Madaniyat nimaligini bilmaydigan "ovro'palik" egniga berib qo'ymaydigan! O'zbek qiziga dunyoning mashxur breandlari "Guchchi", "D&G" yoki "Versace" deysizmi hech biri marg'ilonlik hunarmandlar yaratgan tozza ipakli, serjilo adrasidan tikilgan kiyimdek chiroy bera olmaydi.
Qancha-qancha millatlarda milliy madaniyat tushunchasi butkul unutilgan. Na ularni milliy libosi bor, na o'zlariga hos urf-odati. Manqurtlashib "g'arblashib" ketganidan ko'krak kerib yuradi. Aslida, ular bizga ich ichidan havas qilishadi. O'zimizniki bo'lgan O'ZLIGIMIZ bor. Biz uni hech qachon yo'qotmasligimiz lozim. 

вторник, 12 января 2016 г.

Furashka

Bolaligimning har tongi, eshik yonidagi javonda ilingan furashkani olib, dadamni boshlariga kiydirib qo'yishdan boshlanardi.  Dadam:"Qizim, san furashkamni kiydirmasang, naryadga tushib qolishim mumkin"- degan gaplari uchun ham, uyquga to'ymasamda sahar 6:00da uyg'onardim.
***
Otangizni kasbi nima?
-Harbiy hizmatchi. Otamni kasbi eng mashaqatli, mas'uliyatli kasb, ular tinchligimiz uchun kecha-kunduz demay, bayram-u to'y demay doim hizmatdalar!
Siz kelajakda kim bo'lmoqchisiz?
-Jon deb harbiy bo'lardim, qizlarni armiyaga chaqirishmaydi!
***
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo! Bu tinchligimiz sababchilari eng avvalo sizlar aziz HARBIYLAR!
Vatanni sevgan, uni obodligi, farovonligi uchun qaysi sohada bo'lmasin hizmat qiladigan shu yurtning mard, jasur YIGITLARI!  Sizlar borsiz or-nomusimiz, izzat-u hurmatimiz himoyada! Sizlar bor kechalari hotirjam uyquga ketib, har tong shukronalik ila ko'z ochamiz! Sizlar borki, qalbimizda faxr, yuragimizda muhabbat!
Qilayotgan hizmatingiz, mehnatingizdan Alloh rozi bo'lsin! Bayramingiz muborak!

среда, 6 января 2016 г.

Do'st qanday bo'ladi?

Kim do‘stim-u kim dushman,
Bilolmay faromushman,
Qanoti singan qushman,
YOLG‘IZMAN!
   Qiz bola bilan o‘g‘il bola do‘st bo‘la oladimi? Javoblar har xil. Oldinlari yigit va qiz do‘st bo‘la oladi deb o‘ylardi. Yigitlardan do‘stlarim ham ko‘p deb, lekin yigitlarning qizlarga do‘stligi, yolg‘iz daraxtga ko‘lankasining do‘stligichalik ekan. Do‘stlarimga ishonmay qo‘ydim. Do‘st bu- har doim seni himoya qiladigan, yaxshi kuningda ham, yomon kuningda ham senga dalda bo‘la oladigan. Qo‘lingni uzatganingda qaytarmaydigan, har qanday holatda ham seni tushunadigan inson emasmi? Do‘stlarim uchun shunday do‘st bo‘lishga harakat qilganman.

   Ikki kundirki, kayfiyatim ob-havosini qora bulutlar egallab olgandek. Do‘st deb o’ylaganlarimning ustimdan kulishi, yaxshi muomala qilib hurmat qilganlarim harakterimni yengilligiga nisbat qilib nasihat qilishganidan xafa bo‘lib ketdim. Hech kim ko‘rmaydigan joy topib, yig‘lab olgim kelyapdi. Ikki inson o‘rtasidagi do‘stlik samimiy hazillar, iliq munosabatda deb o‘ylagan ekanman. Yigitlar qizlarning do‘stona munosabatini yengillikka yo‘yishar, kulib qaragan ko’zi qizdan nuqson izlashga oshiqar ekan. Atrofdagilarni hurmatiga erishish uchun qiz bola biroz qo‘pol, odam yovvoyi, manmanroq bo‘lishi lozim. Qizlar hamma bilan ochiq yuz, tabassum bilan gaplashishi, odam ajratmay hamma bilan bir xil muomalada bo‘lishi uni obro‘sini tushurishini bildim. Rahmatli buvimlarni “Tiling bilan diling bir bo‘lsa, do‘sting ko‘p bo‘ladi.”-degan gaplari har doim ham yaxshi do‘st topishga yordam bermasligini isbotladi. Dilimizdagi tilga chiqsa, qadri qolmas ekan! Tilimiz tiyilib, o‘ylaganlarimiz ichimizda qolsin!

понедельник, 4 января 2016 г.

Uchrashuvlar

Mobil messengerlarda guruh bo‘lib gaplashish imkoniyati paydo bo‘ldi-yu, ma’lum bir maqsadda bir necha kishilar suhbatdosh bo‘la boshladi. Zakovat klubiga qatnayotganimga 6 yil bo’layotgan bo‘lsa-da,  klub a’zolari bilan yaqinlik  2 yil oldin  WhatsAppda  ochilgan  guruhdan keyin  paydo bo‘ldi. Dastlab, faqat zakovatchilardan tarkib topgan bu guruhga keyinchalik  Zakovat  ixlosmandlari  ham  qo‘shila  boshladi.  Qarabsizki, respublikaning  turli  burchaklaridan  tanishlar  ortirdik. Qoraqalpog‘iston deysizmi, vodiy-u voha deysizmi, xullas hammasidan bor.  Guruhda virtual muloqotlar o‘z yo‘liga, uchrashib bir birimizni yaqindan taniylik deya uchrashuvlar tashkil qildik, guruh a’zolari o‘rtasida  mehr-oqibat, do‘stlik munosabatlari shunchalikka borib yetdiki, ular hayotidagi unitilmas kunlarini ham birgalikda baham ko‘rishga  taklif  qilishmoqda. Shu kungacha guruhdagilar bilan 5 marta uchrashuv tashkil qilindi va 3 ta to‘yga bordik.

2014-yil 20-iyun. Toshkent. Da-Vinchi restorani.
Guruh a’zolarining dastlabki uchrashuvi.  Qoraqalpog‘istondan  Zamira  opa, Samarqanddan Fotima opa, Namangandan Jahongir aka, Xitoydan  esa Sherzod  G‘aybullayev  kelishgan edi.  Tushlikdan so‘ng  Fozilbek  Yusupov svoya igra o‘tkazdi, mantiqiy savollar berildi. Saidakrom  aka Rasulov esa mafiya o‘yini o‘tkazib, bizga “mafiya” sindromini yuqtirgan edilar.  Sherzod G‘aybullayev bizga Xitoydan olib kelgan choy va xasilarni tarqatdi.  Restorandan chiqib fontanga bordik.  Xullas, ilk uchrashuv juda ajoyib o‘tgan edi. Tez-tez shunday uchrashuvlar  tashkillashtirib turishga kelishib xayrlashgandik.

2014-yil 28-dekabr. Toshkent. Fregat restorani.
Birinchi uchrashuvdan keyin ichi qiziganlar ko‘p bo‘lgan shekilli, safimiz ancha kengaygan edi. Bayram uchrashuvi ajoyib bo‘lgan, o‘yin kulgu, musiqa, raqs, vals…))) Bu uchrashuvda  Akmal aka Hasanov, Hayot aka Soliyev,  Leyla Yunusova,  Asadbek aka, Sherzod Sanayev,  Komil Sanayev,  Mohidil Odilovnalar  bilan tanishgan edik.

2015-yil 8-9-may. Samarqand, Qo‘shrabot.
Bu uchrashuv haqida oldin http://charosomonova.blogspot.com/2015/11/samarqand-tour.html postini yozganman. Guruh a’zolarini bir-biriga yaqinlashtirgan, esda qolgan voqealarga boy bo‘lgan  sayohat. Samarqandliklarni mehmondo‘st,  odamshinavanda ekanligini Sohib akani qarindoshlari isbotlab berishgan edi. Borishimiz bilan har birimizni to‘n kiydirib kutib olishgan xonadon egalari, uylarini to‘ridan joy berishgan,  qo‘y so‘yib mehmon qilishgan.
Samarqandga uyushtirilgan bu sayohatimizda  qoraqalpogistonliklar  Islam aka EshmuratovElmira (familyasi esimda yoq), samarqandlik  Navrozbek Burhonovbokalik Abrorbek Farmonov, fargonalik  Rasul Jorayevlar bilan tanishgan edik.

2015-yil 22-avgust. Toshkent. Crystal kafesi.
Navbatdagi yozgi uchrashuv.  Aslida tog‘ga chiqmoqchi bo‘lgan edik, negadir planlar  o‘xshamagan. Uchrashuv Lokomotiv parkiga sayrdan boshlangan.  Uchrashuvda  amaki va Farida Sobirovna bilan tanishganmiz, bu yozgi uchrashuvga ham Xitoydan aziz mehmonimiz Sherzod  G‘aybullayev sal qimmatroq sovg‘a- xasisi bilan kelganlar. Kafedagi o‘tirishdan vaqtli ketib qolganman, qolganlar bouling o‘ynagani borishgan.  Mazza qilib dam olishgan.

 2015-yil 9-sentabr. Bo‘ka.  Abrorbek Farmonov to‘yi.
Guruhimizdagi bo‘ydoqlar  paketini birinchi bo‘lib Abrorbek buzgandilar)))).  Oxirgi uchrashganimizga  bir oy ham bo‘lmasdan to‘yga bordik. To‘yga kech qolib borganman, bir birimizni ko‘rganda  otgani o‘q topolmasakda, qadrdon bo‘lgan do‘stim Fozilbek meni Bo‘ka shahrida 2 soat kutib o‘tirganlar, rostini aytaman, undan bunday mehribonchilikni kutmagandim. Kamiga biz chiqqan damasda unga joy yetmay qoldi, o‘rindiqlari olib tashlangan, orqada tik turib keldi.  Mehribonchiligidan xursand bo‘lganimdan yo‘l kirasini  to‘lavordim.))))  To‘ydan keyin Dostonbek Jo‘rayevni xonadonida tunadik.  Dostonbekni onalari juda samimiy, mehribon ayol ekanlar,  Doston ham onalarini xuddi o‘zi. To‘yni tugatib Abrorbek ham safimizga qo‘shildi. Samarqanddagi uchrashuvdan keyin mafiya o‘yini boshqa  o‘ynashga sharoit bo‘lmagan edi, mazza qilib mafiya o‘ynadik. Bu uchrashuvda  Shukrullo aka Olimov va Dostonbek bilan tanishganmiz.

2015-yil 8-dekabr. Toshkent. Crystal kafesi.
Konstitutsiya  bayrami + Yangi yil. Ko‘pchilik  talabiga ko‘ra yangi yil uchrashuvimiz biroz vaqtliroq bo‘lib o‘tdi.  Toshkuch kafesida yig‘ilib u yerda  Zakovat  o‘yinlarini o‘ynadik, svoya igra, qariyalar, arosatlar, yoshlar jamoalariga bo‘linib  brein ring o‘yini o‘tkazildi. Yoshlar jamoasi (1990-yildan keyin tug‘ilganlar) hammasidan kuchli ekanligi isbotladi.))))) Kubok kimga berildi,  kim olib ketdi bilolmay qoldim.

Toshkuchdan keyin Crystal kafesida, bayram dasturxoni atrofida uyin-kulgu bilan ajoyib  otgan otirish  “Galaxy boulingda nihoyasiga yetdi. Kun davomida mazza qilib hordiq chiqardikDostlar diydoridan vaqtimiz mazmunli otdi
.
2015-yil 16-dekabr. Sirdaryo viloyati. Farida Sobirovnani to‘yi.
Guruhimiz  go‘zallaridan birinchi bo‘lib Farida opani uzatdik. Qiz bazmiga taklif qilgandilar,  ko‘plashib bordik.  Uchta to‘y,  beshta uchrashuv  bo‘lgan bo‘lsa-da, hech qaysida Farida opani to‘yidaka mazza qilmagandik))). To‘ydan keyin ularni amakilarini uyiga yo‘l oldik. Mehmondo‘st  sirdaryoliklar  uyini to‘ridan joy berib kutib olishdi.  Farida opani kursdoshlaridan,  kuyov tarafdan kelgan mehmonlardan ortib biz bilan o‘tirgani kelganlaridan xursand bo‘ldik.
 Sezganingizdek yana savol-javob, mafiya o‘ynadik. Farida opani to‘yidan keyin yangi o‘yin paydo bo‘ldi. Hamma bir-biriga salbiy-ijobiy hislatlarini aytib ichidagilarni egasiga yetkazib olish imkoniyati berildi-yu, hammani dardi dilidan tiliga ko‘chdi. Kim kimga choynak otgan, kimdir sanchqi, yana kimdir nasihat qildi. Xullas, bu o‘yinni ham an’anaga aylantirdik.

2016-yil 2-yanvar. Farg‘ona viloyati. Farruh Yoqubjonovning to‘yi.
To‘ylar to‘yga ulanib, “qaydasan Farg‘ona?” deya, dovon osha to‘yga bordik. Chiroyli to‘yxonada, turli noz-ne’matlar to‘la dasturxonda  aziz mehmonlar deya kutib olishdi. Vodiyning mehmondo‘st  xalqi “oling, oling” derkan-u stolga likobcha qo‘ymas ekan.  To‘ydan keyin, choyxonadan Farruh akani sinfdoshlarini haydab chiqarib,  tunni choyxonada o‘tkazdik.  Yana odatdagi o‘yinlar o‘ynaldi. Akmal aka, Hayot akani mehmondorchiligidan boshimiz osmonga yetib ertalabgacha uxlamay suhbat qurdik  (uxlashga sharoit ham yo‘q edi.) Bu uchrashuvda Gulandom opa bilan tanishdik, ajoyib ayol ekanlar-u lekin qaytishda taksida hech gapimiz qovushmadi.  Ba’zan yoshi kattalar yoshlarni hatti-xarakatini tushunmaydi,  ularni gap-so‘zlarini yoqtirmaydi. Fursatdan foydalanib Gulandom opadan uzr so‘rayman. Guruhni keyingi uchrashuvlariga ham kelib tursangiz bizga moslashib qolarsiz!!!