среда, 4 ноября 2015 г.

Samarqand tour. 8-9-may


                                                     

   Samarqandga borganmisiz? Borganman deysizmi? Unda yozmoqchi bo'lgan blogspotim sizga Samarqand xotiralarini yana bir marta eslashingizga yordam beradi. Bormaganman deyapsizmi? Hech hijolat bo'lmang ,  postimni  o'qiganingizdan keyin sayohat       xaltangizni ko'tarib  "qayerdasan Samarqand?" deb yo'lga otlanishingiz ajabmas. Mayli, ko'p maqtab sizlarni kutirmay-da, gapning indalosiga o'taqolay. Shu desangiz bir guruh "bekorchi"lar , yo'g'e  "sayohatchi"lar  8-9-may kunlari  Samarqand safariga otlandik. Bir kun oldin yomg'ir yog'gani uchun yoqimli salqin havo sayohatimizga yanada qo'l keldi. 8-may kuni soat 5:00 dan Chilonzor metrosida yig'ila boshladik to 6:00gacha! 14 ta sayohatchi buyurtma mashryutda har xil o'yin kulgular bilan qanday Samarqandga borib qolganimizni sezmay qoldik.  Aslida sayohatimiz Samarqand shahridanmas , Jizzahdagi "Temur darvozasi"dan boshlandi. G'orni ko'ramiz deb mashrutdan tushdik,   shu paytgacha "G'OR" deb o'ylaganim , aslida "g'orcha" ekan.  G'or oldida ilk fotosessiyalarni o'tkazib , yana yo'lda davom etdik.
    Samarqand. Bu shahar haqida ko'p yozib, maqtab o'tirmayman. Bilaman juda ko'p eshitgansiz, hali yana eshitasiz! Samarqand shahridagi ekskursiyamiz Ulug'bek rasadxonasidan boshlandi. Shoir M.Yusuf yozganlaridek: "Samarqandga borsangiz Ulug'bekni ko'rmay qaytmang!". Ulug'bek kimligini, qanday shaxs bo'lganligi haqida juda yaxshi bilasiz, bilmasangiz Ulug'bek rasadxonasiga tashrif buyuring BILIB OLASIZ! (Ulug'bek hayoti va faoliyatidan tashqari, insonda uchraydigan kasalliklarni paydo bo'lishi "yulduzlar"ga bog'liqligi haqida ham eshitasiz). Tortishasiz, baxslashasiz, xullas kelganingizga afsuslanmaysiz! Kim bilan deysizmi? Keling o'zingiz bilib olasiz!


Ulug'bek rasadxonasidan keyin to'g'ri qayoqga bordik bilasizmi? Choyxonaga!!! Qornimiz ochib ketganidan aylanish ko'ngilga sig'masdi! Hamroxlarimizga Samarqandcha palovni maqtab maqtab choyxonaga olib bordik. Bordik-u o'zimiz ham "Samarqandcha palov"ni ko'rib hayron qoldik, shuncha payt Samarqandda yashab to'rtburchak sabzili osh yemagandim. Yedim, yedim-u mazzasi og'zimda qoldi. Mazzali , hush tam to'rtburchak sabzili osh biz samarqandliklarni mehmonlar oldida uyaltirmadi. Ovqatlanib bo'lganimizdan so'ng "Qorin to'ydi g'am ketdi" -deb sayohatni davom etirdik. Endigi manzilimiz Shohi Zinda majmuasi bo'ldi. Shohi Zindaga bormagan bo'lsangiz ham uni zinalari haqida eshitgansiz, filmlarda ko'rgansiz Shahzoda o'ynagan "Majruh" filmidagi o'sha zinalar Shohi Zindada! Zinalarni sanab yuqoriga chiqib oldik. Men har doim kelganimda sanayman 36 ta chiqadi, bu safar ham shunday. Shohi Zindada biroz gidlik ham qildim, majmuada joylashgan qabrlarni kimlarga tegishli ekanligi, ular Amir Temurga kim bo'lganligi haqida do'stlarimga gapirib berdim (eshitishni xohlaganlariga). Shohi Zindadagi Qusam ibn Abbos qabrini ziyorat qilib yana zinalarni sanab pastga tushib oldik. Zinalar 35 ta!
    Keyingi bekat Go'ri Amir! Amir Temur maqbarasi. Kim Samarqandga borgan bo'lsa, bu maqbarani albatta ziyorat qilganligi tabiiy. Maqbarani ziyorat qilar chog'da, Amir Temurning o'z zamondoshlariga qarata aytgan bir gapi yodimga tushdi: "Bizning kuch qudratimizni bilmoqchi bo'lsangiz biz qurgan imoratlarga boqing"- bu gapning ma'no mazmini bugungi Samarqand ko'rinishiga ham juda mos keladi. Mustaqillik davrida Samarqand ham xuddi Toshkent singari tanib bo'lmas qiyofaga ega bo'ldi.


   Go'ri Amirdan keyin "Registon" ansambiliga bordik. Samarqandning tashrif qog'ozi bo'lgan bu obidalarni ko'rib hayratlanmagan odam bo'lmasa kerak. Nafaqat Samarqand balki, butun o'zbek xalqining faxri - mo'jizaviy Registon! Registonga bormaganlarga qisqacha aytib o'tsam, majmuada uchta madrasa bor: Ulug'bek, Sherdor, Tillakori. Ulug'bek madrasasi XV asrda Mirzo Ulug'bek tomonidan qurilgan, bu madrasa o'z davrida "Ulug'bek akademiyasi" hisoblangan. Keyingi ikki madrasa  Bahodir Yalangto'sh tomonida XVII asrda qurilgan. Sherdor madrasasi peshtoqida afsonaviy sher rasmi tushirilgan. Bu tasvir hozirda Samarqand ramzi hisoblanadi. Tillakori madrasasi ansambildagi eng betakror, jilvakor madrasa desam to'g'ri bo'ladi. Madrasani ichki bezaklari uchun 7,5 kilogramm sof oltindan foydalanishgan. Umuman ansambildagi   har bir madrasa betakror arxitekturaviy ko'rinishga ega. O'zingiz Registonni borib ko'rsangiz fikrlarimni tasdiqlaysiz! Registonni aylanib vaqt o'tganini sezmay ham qoldik.
  
     Samarqand shahridagi sayohatimizni shu joyda yakunlab, sayohatimizni ikkinchi qismidagi voqealar makoni - Qo'shrabot tumaniga yo'l oldik. Yo'l-yo'lakay Payariq tumanida joylashgan Imom al - Buxoriy ziyoratgohiga kirdik. Bu joy haqida qancha yozsam ham kam chunki bu qishloqda kamina tavallud topgan. Meni nazarimda Samarqanddagi eng tinch ziyoratgoh shu majmua. Imom al - Buxoriy hazratlari hayoti haqida gapirib bergan gid shunaqa ta'sirli gapirdilarki, hamma tinglovchilarni sehrlab qo'ydi. Maydalab yog'a boshlagan yomg'irga ham e'tibor bermay hech birimiz joyimizdan qimirlamasdik, go'yoki biror harakat qilsak tushuntiruvchini hayoli bo'linib gapirishdan to'xtaydigandek, hech kim qimir etmasdi. Gidning ism familyasini eslab qolmagan ekanman, lekin borib qolsangiz u yerdagi hamma gidlar ham o'sha insondek ilmli ekanligiga ishonch hosil qilasiz! Al-Buxoriy ziyoratidan keyin to'g'ri Qo'shrabotga otlandik. "Yo'ling uzoqligi yaxshi hamroxing bo'lsa bilinmaydi"- deyishgani rost ekan. Qancha yo'l yurdik bilmadim u, Qo'shrabotga yetib borguncha kuylamagan qo'shig'imiz  qolmadi, esda qolarli video tasvirlar bilan yo'l uzoqligi umunan sezilmadi. Yetib borganimizda yomg'ir chelaklab quyardi. Ha aytgancha, aytish esimdan chiqibti,  Qo'shrabotda bizni Sohib Jontoyevni qarindoshlari kutib olishdi. Mehmondo'st, ochiq chehra xonadon egalari mezmondorchiligidan kun sovuqligini bir pastda unutdik. Kechki dasturxon atrofida samimiy suhbat, do'stlar diydori qanchalar yoqimli bo'lishini o'shanda his qildim. Qopqon o'ynadik, mantiqiy savollar ham berildi, kimlardir shaxmat o'ynashdi yana kimlar shirin suhbatda... xullas, vaqt juda tez o'tdi. Ko'pchilik charchab vaqtliroq uxladi (vaqtli 1da). Tog'da tong ham tez otar ekan. Kech uxlab vaqtli uyg'onganimgami ko'zimni yumib ochgandek bo'ldi. Nonushtadan keyin Pangat tog'iga yo'l oldik. Bahor tabiatida tog'dan go'zal joy topilmasa kerak. Tiriklik rangiga burkangan viqorli tog'lar ko'zni quvnatardi. Bir lahza ularga tikilib, tog'ni talqon qilishga qodir inson ham bu haybat oldida zarradek ekanligini his qilasiz! Mashrutdan tushib, tog'ga tirmashdik, to'g'rirog'i chiqishga harakat qildim (Cho'qqisiga chiqganlar ham bor), yarim yo'ldan qaytib, pastga tushdim. Hozir oxirigacha chiqmaganimga afsuslanaman.( Alloh nasib yana borsam, bu safar cho'qqisiga chiqaman). Cho'qqi zabt etish marosimidan keyin kabobxo'rlik bazmi boshlandi. Qopqon o'yinini o'ynab planni rosa bajardik. Kamina boshlovchi bo'lsamgina o'yin menga ko'proq yoqdi, bo'lmasa meni darrov chiqarib yuborishardi.  Sayohatimiz ikkinchi qismi ham shu tariqa o'z nihoyasiga yetdi, soat 15 lardan o'tib yo'lga chiqdik. Yo'l davomida sevimli "Qopqon"i qayta-qayta o'ynadik. Shunday qilib ikki kunlik safarimiz 21:00 lada Toshkentga kelib qaridi. Bir umrga unitilmas xotiralarga boy bo'lgan sayohatimiz qisqacha shunday bo'lgan edi. 

Комментариев нет:

Отправить комментарий