четверг, 28 января 2016 г.

Birinchi sessiyam

    Ikki haftadan beri xohlasam ham biror narsa yoza olmayapman. Endi kompyuter qarshisiga o‘tirib yozaman deb kirishaman-u “Mutaxassislikka kirish”dan esse  yozishim kerak, “Fotojurnalistika”dan taqdimot, “O‘zbekiston tarixi”, “Nutq madaniyatidan”dan mustaqil ish, xullas bugun ilk sessiyam haqida “yozilishi shart” bo‘lgan postni yozish uchun qattiq kirishishga vaqt topildi. Sessiya haqida  post yozishim shart!!! Nega deysizmi? Hamma talaba- blogerlar sessiya haqida yozgan. Men an’anadan  biroz chekingan holda, avvalo 1-semestrimiz qanday o‘tgani haqida sizlar bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
   10 kunlik “1-kurs maktabi”dan so‘ng rospisaniya chiqdi. O‘qishni boshladik. Avvaliga ma’ruza va amaliy darslarni farqlashimiz qiyin bo‘ldi. Birinchi haftada dars o‘tib ketgan o‘qituvchimizni keyingi hafta ko‘rmasdik, nimaga tizim bunaqa ekan-a, ma’ruzani kim o‘qisa o‘sha o‘qituvchi  baholasa bo‘lmasmikan?- deya hayron bo‘lardik. Ikkita “Mutaxassislika kirish” degan fanimiz bor. Seshanba-chorshanba kunlari bo‘ladi, ikkita “Mutaxassislikka kirishdan”  ikkita o‘qituvchi kiradi, amaliyda ham yana boshqa ikki o‘qituvchi. Bitta fan uchun to‘rt nafar o‘qituvchi ko‘p emasmikan derdim))) Noyabr oyigacha shu ikki fanni farqlolmay yurdim, hattoki ikkala fandan bitta daftar tutganman. Keyin bilsam biri “Nazariyaga kirish”, ikkinchisi “Ijodni o‘rgatish” (adashmayotgan bo‘lsam shunaqa), endi tushunganimda semestr ham tugadi. Bizga o‘qitilgan fanlar orasidan  fotojurnalistika, yangiliklar, nazariyaga kirish, rus tili va informatika fanlarini mazza qilib o‘qidim, o‘zim uchun ko‘p narsa o‘rgandim. Fotojurnalistikadan ma’ruzalarni Nargis Qosimova o‘tdilar. Haqiqatdan ham o‘z sohasining ustasi. Ko‘pincha biror holatni tasvirga olganimizda biz ahamiyat bermaydigan jihatlarni mahorat bilan o‘rgatdilar, darslarimiz juda qiziqarli o‘tardi. Sohasini bilimdoni bo‘lish bilan birga Nargis opa talaba psixologiyasini yaxshi biladigan ustoz ekanlar, bizni qanday qiziqtirishni bilardilar. Guruhchalarga bo‘lib, 10 daqiqada eng yaxshi suratni olib kelinglar deb fakultet tashqarisiga chiqardilar.  Hammamiz o‘ziga xos rasmlarni olishga kirishdik, 10 daqiqadan keyin olgan tasvirlarimizni ustozimga ko‘rsatib, ularni maqtovlarini eshitdik. Nargis opa hech kimni ishini yomon demadilar, ko‘zlarida quvonch bilan: “Zo‘r, malades!”- deyishdan charchamadilar.  Shu fandan amaliyot o‘qituvchimiz- Said Umirov. Bu insonni eshitgan odamni yuzida tabassum yuguradi.  Mahoratli ustoz bo‘lish bilan birga juda mehribon inson. Jurnalistika bilan birga adabiyot sohasini “olti” qo‘ldek biladigan oltin pedogog.   Kitob o‘qishni yaxshi ko‘radigan talabani juda yaxshi ko‘radilar. Sherlok Holms o‘qiganimni eshitib: “Kitob tanlashda  didingiz  zo‘r ekan, qizim”- degandilar, xullas o‘qimagan kitoblari yo‘q. Yaqinda bilib qoldim, domlamiz yoshlari ulug‘ bo‘lsalar-da futbol o‘ynashni yaxshi ko‘rar ekanlar. Siz futbolga ham qiziqadigan talaba bo‘lsangiz domlamizni eng sevimli talabasiga aylanasiz!!! Uzr, domla bilan qiziqishlarimiz umumiy bo‘lgan taraflarga  “o‘tlab” ketib, fotojurnalistika  esdan chiqibdi! Ular bizni “Abdulla Qahhor” uy muzeyiga olib bordilar, muzeyda tarixni abadiylikka muhrlagan nodir suratlarni tomosha qilib, fotograflik kasbi eng sharafli kasb ekanligiga amin bo‘lasiz! Darslarimizda adabiyot namoyandalarining bir biridan ajoyib suratlarini, “Ulug‘ Vatan” urushidagi g‘alaba nashidasi aks etgan tasvirlarni taqdimot qilib, fotografiyaning ro‘li jamiyat uchun qanchalik muhim ekanligini amalda isbotlab berardilar.
“Nazariyaga kirish”.  Bu fandan ma’ruzani prorektor Akbar Nurmatov o‘tdilar. Bu inson - “ tirik ensiklopediya”. Dars o‘tayotgan talabalarining ismini eslab qololmasliklari mumkin, lekin o‘qigan kitoblarni nomi, muallifi, qahramonlarini  umuman esidan chiqarmaydilar. Chet el adabiyotini juda yaxshi ko‘radilar! Bu fandan amaliy darsimizni Firdavs Saidov o‘tdilar. Boshqa kursdoshlarimni bilmadim-ku lekin men shu ustozni darslaridan o‘zim uchun kerakli bo‘lgan ko‘p narsani o‘rgandim. Huquqshunoslikka ixtisoslashmoqchi bo‘lganligim uchunmi, o‘rgatganlari menga juda qiziq va o‘ta ahamiyatli bo‘lgan. Jurnalistikani har jihatini huquqshunoslik bilan “bog‘lab” bera oladilar. Bu o‘qituvchimizdan nafaqat biz hattoki 4-kurslarimiz ham qo‘rqib turadi. Oraliq yoki yakuniy nazorat  olganlarida 1-avgustdagi davlat imtixonidagi nazorat ham “holva”.  Ko‘pchillikni hushidan ketkizgan ustozni fanidan birinchi “5”imni oldim, zo‘rg‘a 86 )))). "Yaxshi o‘qigan talabaga ayamay baxo qo‘yadigan, a’lo bo‘lmasangiz nemis tilida gapirsangiz ham tushunmaydigan o‘qituvchi Firdavs aka bo‘lsalar kerak"- degan xulosaga keldim.
  Bizni qiynagan yana bir o‘qituvchi Valintina Mixaylevna. Rus tilida gaplasha olsamda, birinchi yozgan uy vazifam - tekstni tekshirganlaridan so‘ng lolazorga aylangan matnnimni ko‘rib uyalib ketgandim. Ikkinchi marta hech kimga rus tilini yaxshi bilaman demiydigan bo‘ldim.  Rus tilini shunaqa zo‘r o‘rgatdilarki, tilni umuman tushunmaydigan kursdoshlarim ham tushuna boshlashdi.  Hozir deyarli hamma kursdoshim o‘qituvchi bilan o‘zi gaplashishga harakat qilyapdi,  meni tarjimonlikdan   bo‘shatishyapdi.
    Eng sevimli fanlarimdan yana biri YANGILIKLAR! Halim Saidov  eng zo‘r pedagogliklari bilan birga, hozircha  o‘qituvchilarimiz orasida meni nazarimda eng yaxshi yozadigan  jurnalist. “Talaba qizimga” nomli kitobchalarini mazza qilib o‘qib chiqdim, kitobchadagi maslahatlar  nafaqat talaba qizlar uchun, balki har bir o‘zbek qizi uchun juda muhim! Kreativ fikrlaydigan, intellekti juda yuqori bo‘lgan inson! Har hafta hech bo‘lmasa bitta yangilik yozishimizga “majbur” qiladilar. Boshqa fanlarga o‘xshab bu fandan qiynalib, 12 varaqli daftarni to‘ldirib oraliq, yakuniy nazorat yozib o‘tirmaymiz. Har hafta chiqargan devoriy gazetamiz yakuniy nazoratimiz bo‘lsa, ichidagi yangiliklarimiz joriy va oraliq nazoratimiz uchun baholanadi. Yangicha usulda baholanadigan “Yangiliklar”  fanimiz ayrim kursdoshlarimizni ijod qilishga o‘rgatdi.  Bu fandan amaliy mashg‘ulotlarimizni Nilufar Namozova oladilar.  Juda talabchan, qattiqo‘l, shu bilan birga judayam mehribon o‘qituvchi. Nilufar opa bizning guruh rahbarimiz. Ona bolasiga qanday mehribon, jonkuyarlik qilsa rahbarimiz ham bizga shunday munosabatdalar. Qo‘limizdan yetaklab gazetaga ham olib bordilar, ko‘proq yozishimizni, ovozi-yu yuzi chiroyli bo‘lgan jurnalistdan ko‘ra qalami o‘tkir jurnalistni qadrlaydigan o‘qituvchilardan.

   Semestr  davomida bir biridan qiziq fanlarni o‘rgandik, bizga nimadir o‘rgatish uchun borini ayamagan hamma ustozlarimizga katta rahmat. Endi g‘alvir suvdan ko‘tariladigan payt keldi-yu, har bir talaba harakatiga yarashasini olyapdi. O‘qishga kirishdan oldin, oliygohda o‘qiydigan o‘rtoqlarim: “Sessiyam uchun falon pulim ketdi, bitta fanimdan baxo olish uchun pismadonchi tanishimni aralashtirdim”-  degan gaplarini eshitib qolardim. Shukurlar bo‘lsinki, bizni fakultetda birorta pulga yopdim degan talabani uchratmadim. Bilimimiz, mehnatlarimiz o‘qituvchilarning jurnalida qolib ketmaydi, har kim o‘z mehnatiga yarashasini olyapdi.  

Комментариев нет:

Отправить комментарий