Yoshi ulg’gaygani sari , bolaligini qo’msamaydigan, hech bo’lmasa bir lahzaga bo’lsa ham unga qaytib qolishni istamaydigan odam bo’lmasa kerak. Har birimiz bolaligimizni sog’inamiz, shunchalik sog’inamizk, uni hech bo’lmasa, his qilish uchun xotiralarimizni titkilaymiz.
Bolaligimdan qanday xotiralar qolgan?
Fotosuratlar. Albomimizni olib , uni qayta-qayta varaqlaymiz, butun umrga muhrlangan shirin damlarimizdan qolgan shirin esdaliklar… ! Eng beg’am, tashvishsiz onlarim! Bular hattoki ko’zlarimdan sezilyapti-ya , ko’zlarim porlab turibti. Butun olam go’zalligi ularda mujassamdek! Tabassumim ham soxta emas, o’shanda ayajonim meni rasmga tushirtirish uchun yangi ko’ylagimni kiydirgan edilar, oppoq tuflichamni ham o’shanda birinchi marta kiygandim. Buvijonim olib bergan oq bantikda ayam sochlarimni zo’rg’a yig’ib qo’ygandilar, sochlarim kaltaligidan bantikdan chiqib ketavergandi. Qo’limdagi soatni ammajonim berganlar aytishlaricha bu soatni ularga 8 yoshliklarida buvam sovg'a qilgan ekanlar, hozir bu soatni yoshi 25 da ! Men uni avaylab taqdim, xatto singlimga ham bermay asrab qo’yganman. Bolaligimdan qolgan qadrdon soatchamni bir kun kelib qizalog’imning qo’liga taqib, uni ham xuddi shunday suratga tushuraman, Xudo xohlasa!
Video tasvirlar. Bolaligimni yodga soluvchi video tasvirlar kam ! Hozirgi zamon bolajonlariga mazza-da , qo’lingizdagi telefon bilan ularni xohlaganingizcha tasvirga olasiz , tasvirlar ko’ngildagidek bo’lmasa, o’chirib qayta olasiz. Ularda bolaligining “ko’p” tasvirlarini abadiylikka muhrlash imkoniyati bor! Bizda-chi, bu imkoniyat biror qarindosh-urug’ning to’ylaridagina bo’lgan. Ularni har doim ham olib ko’ra olmaysiz! Qo’limda uchta shaxsiy diskim bor. Birinchisi: “So’ngi qo’ng’iroq” kuni Ikkinchisi : 9-sinfni tamomlaganimizdan keyin uyushtirgan oqshom tasvirlar. Uchinchisi: Kollejni tamomlaganimdan keyin uyushtirilgan oqshom tasvirlari. Ular men uchun - bebaxo . Ha , aytgancha yana bir disk bor ekan. Bu diskda meni bundan to’rt yil oldin hayajonga solgan tasvirlar muhrlagan. Bu tasvirlar- ilk bilimdonlik kursisiga o’tirgan kunim. Qarang shunga ham to’rt yil bo’libdi, o’shanda endigina o’n sakkiz yoshni qarshilagandim, u xotiralarni men zavq bilan eslayman. Shahzoda Rahimova jamoasida ishtirok etgandim. Bilasizmi , o’shanda menga rostmanasiga omad kelgan. Lekin bu omad kimningdir kechkishi evazigaligi ko’nglimni g’ash qiladi. O’shanda qizlar jamoasidan Shaxnoza ismli qiz suratga olish studiyasiga kech qolib kelgandi. Tasvirga olish boshlangunicha kelmagani uchun uni o’rniga men ishtirok etgandim. Mag’lubiyatli o’yin bo’lgan bo’lsa ham, o’sha xotiralar men uchun qadrli.
“ESDALIK” DAFTARIM. Hozir maktab o’quvchilari “Esdalik” tutishadimi, yo’qmi bilmadim, lekin 7-9-sinflik paytimizda , “Esdalik” tutish “MODA” edi , biz uni “Anketa” derdik. Men ham “Esdalik” tutganman! Tug’ilgan kunimga yaqin dugonam- Gulbarchin , menga kodli yondaftar sovg’a qilgandi. Yondaftar judayam chiroyli, ustida men yaxshi ko’rgan lola gullarining surati bor. Yon tomonida 1dan 9 gacha raqamchalar joylashtirilgan. “Kodlangan” yondaftarimni birinchi sahifasiga turli xil savollar yozib chiqgandim. Keyingi sahifalaridan boshlab , dugonalarim, sinfdoshlarim , eng yaqin o’rtoqlarim o’zlarining “Anketa”sini yozib qoldirishgan. Hozir ularni o’qib , o’sha damga qaytgandek bo’laman. “Esdalik”ning oxirgi sahifasini uni egasi to’ldirishi kerak edi. O’shanda men eng birinchi yozgan she’rlarimni birini yozib qo’ygandim. Mana o’sha she’r!
Gullarning sarasi- atirgul derlar
Saralab , tanlaysiz bog’lardan uni,
Do’stlarning sarasi- yoshlikda bo’lar,
Sog’inib eslaysiz , do’stlarim meni!
To’ldirgan ma’lumotlarimni o’qib , kulgim kelayapdi! Exxx mening beg’ubor bolaligim! O’shanda shu qadar o’tkinchi ekanligingni bilganimda, o’sha paytdagi o’y-hayollarimni ko’proq yozib qoldirgan bo’lardim. Seni har doim sog’inaman, sog’inaman-u hali bundanda esda qolarli xotiralarim bo’ladi deb, seni bir parchang bo’lgan buyumlarimni yana o’sha qutimga joylab sandiqqa solaman.
Комментариев нет:
Отправить комментарий