среда, 8 июня 2016 г.

0,25% jurnalist

   Vaqtni o'tganini qarang, ko'z ochib yumgunimizcha bir yil vaqt o'tib qo'yibdi. Kechagina universitet ostonasidan hayajon bilan kirgan edik, bugun esa bu dargoh ikkinchi uyimizga aylanib qoldi. Bir-biridan ajoyib, o'z kasbining ustalaridan, mahoratli pedagoglardan dars oldik. Shu paytgacha yozganlarimda ular haqida  deyarli yozmagan edim.  Bugun ustozlarim haqida yozmoqchiman.
 Nilufar Namozova. Universitetdagi onamiz. Nilufar opa bizni guruh rahbarimiz, juda samimiy va mehribonlar. Shu bilan birga o'ta tartibli, reja bilan ish qiluvchi ayol ekanlar. Ularga juda havasim keladi. Mahoratli jurnalist, baxtiyor oilaning bekasi, aqlli va tarbiyali farzandlarning onasi. Ustoz bilan xuddi uyda onamiz bilan qanday sirlashsak, dardlashsak, yoki biror yutuqqa erishsak farzand onasiga erkalanganidek maqtanib gapiramiz, muammolarimiz bo'lsa ko'z yosh bilan yonlariga yuguramiz.
Halim Saidov. "Otamiz"))). Kuchli jurnalist, mahoratli pedagog." Gazeta yoki TVga borganimizda bizga Halim Saidov dars o'tadilar", - desak- "Tanqidiy maqolalar ustasi sizga ustoz ekan, saboqlarini yaxshilab o'rganib oling", deb maslahat berishadi. Yozgan kitoblarida berilgan maqolalarini o'qib, oltin qalamning haqiqiy egasi ekanliklarini bildim.
Firdavs Saidov. Fakultetda bu o'qituvchini darsini yoqtirmaydigan talaba topilmasa kerak. Hamma talabaga do'st. Har kimni fikrini to'g'rimi, noto'g'rimi oxirigacha tinglaydilar. Qarshi fikr bildirishdayam xafa qilib qo'ymay deb gapirsalar kerak, keskin inkor qilib tashlamay: "Ma'lumotlarizni yaxshilab o'qib keling keyingi darsga", deb qo'yadilar. Lekin bir yomon taraflari bor))) har doim talabani do'sti bo'lgan ustoz, sessiyada hammani dushmaniga aylanib qoladi. 1-kursdan 4-kursgacha hamma qo'rqadi. Yakuniy nazorat olganlarida davlat imtixonidagi nazoratlar ham qolib ketadi. Na shpargalka ishlata olasiz, na telefon.
Mahfuza Artikova. Firdavs aka 2 . Juda-juda mahoratli va talabalarning mehrini qozongan pedagog. O'tgan har bir darslaridan nimanidir olib ketasiz. Darsni juda erkin o'tadilar, talabalarni fikrlarini hurmat qiladilar. Bu ustozni ishonchlarini qozonish juda oson, lekin ishonchsizlik bildirsalar sizga umuman hayrixohlik qilmaydi. Ustoz bizga opamizdek bo'lib qoldilar. Samarqandga borganimizda ular bilan yanada yaqin bo'ldik. Oilaviy hayoti bilan ham havas qilishga arzirli ayol ekanlar..
Rustam Mamatov. Ingliz tilidan dars o'tuvchi "nemis o'qituvchi" degan xulosaga kelganman. Juda tartibli, punktualniy inson.  1-sessiyada eng yomon ko'rgan ustozim edilar, 2-sessiyada aksincha eng yaxshi o'qituvchiga aylandilar.
   Umuman bizga dars bergan har bir o'qituvchi o'zining bilim va malakalarini bizga ulashish uchun borlarini berishdi.
Nargis Qosimovadek tajribali, Saydi Umirovdek mehribon, mahoratli pedagoglardan dars olganimiz bilan faxrlansak arziydi.
 Lekin dars o'tish metodikasi eskirgan, "talabaga baqirib, jerkib muomala qilsam mendan qo'rqadi va meni hurmat qiladi", deb o'ylaydigan pedagoglar ham yo'q emas. Bunday o'qituvchilar darsidan esa nima o'rganganingizni bilmay tugatar ekansiz. Yoshi katta ustozlarni hammasi ham mahoratli bo'lavermas ekan. Bir-ikkita fanlardan bizga darsga kirgan ustozlarim haqida shunaqa xulosaga keldim. Balki, ular bizni fakultet kafedralaridan bo'lmagan pedagoglar bo'lgani uchunmi, xuddi begonaning bolasiga muomala qilgandek o'zlarini tutishdi shekilli, xullas ular bizni yaxshigina qo'rqitishdi.
 Ayni paytgacha bizga bilim bergan ustozlarimizgan katta rahmat!!! 2-kursda sizlarni ilm dunyoingizdagi gavharlarni terib olishga yanada katta ishtiyoq bilan harakat qilamiz! 

четверг, 2 июня 2016 г.

"Layli va Majnun"

Layli va Majnun, Farhod va Shirin, Otabek va Kumush. Bu nomlar tillarda doston bo'lib, har birimizning tasavvurimizda armonli muhabbat timsollari sifatida joy olishdi. Armonli muhabbat timsollar...
Agar ular yaxshilik bilan tugaganida hech kimni yodida qolmas edi. Hech bir armonli muhabbat sohib va sohibalari ularni qayta-qayta tilga olmas edilar.

"Abiturentlik davrimda "Layli va Majnun" dostonidan berilgan parchani o'qib, shu dostonni to'laligicha o'qish uchun uch kun vaqtimni sarflaganman. Tugatmagunimcha hayolimga ustozlarimning bergan hech bir topshiriqlari kirmagan edi. O'qishga kirdim, buni qarangki, 2-kursligimizdan bizga arab alifbosi o'rgatila boshladi. Arab yozuvini o'rganar ekanman, "Layli va Majnun"ni asl variantida o'qiy olishimdan xursand edim. Dastlabki saboqlardan keyin Alisher Navoiy asarlari saqlanadigan muzeyga borib u yerdagi ma'lumotlar bilan qiziqdim. Sevimli asarimni o'qiy olish darajasiga yetganimda ikkinchi bosqichni tugatayotgan edim. Yozgi ta'til davomida uni qayta qayta o'qidim. Bunga sabab... armon bo'lgan muhabbatimni Layli darajasiga yetkazish edi. Tengdoshligimiz va mening talaba ekanligim, Laylimni o'zga uyga jimgina kuzatib, unga baxt tilashdan o'zga chora yo'qligini tushuntirdi.
Bugun, men bakalavr darajasini olishim uchun bitiruv malakaviy ishimni yoqlash arafasidaman. Mavzu: Layli va Majnun kompazitsiyasi. Men ularni o'z asarimda birlashtirdim. Bir birining vasliga yetisha olmagan sevishganlar men yaratgan eksponatda visol topdilar." Z.Q.

Suhbatdoshimni o'sha kuni aytgan shu gaplaridan keyin "juda hayolparast yigit ekan a" -degan fikr hayolimga kelgan edi.
U yaratgan kompazitsiya ham tushunarsiz.
-Bu shakllardan qay biri Layli-yu qaysinisi Majnun?
-Buni sizga aytmayman, topishga harakat qilib ko'ring. Ularni topganingizda siz ham o'zingizni haqiqiy Majnuningizni uchratasiz"
Ushbu tasvir meni juda o'ylantirdi, ularga soatlab tikilib topishga harakat qilayapman, hali topganimcha yo'q...''

четверг, 19 мая 2016 г.

Uyaltirmang!

Har bir inson tug'ilgan yeri, qishlog'i yoki shahari, umuman kindik qoni to'kilgan joy bilan faxrlanadi. Uni ko'z ko'z qilgisi keladi. Boshqalarda qanaqa bilmadim-u, menda shunaqa. Samarqand tuprog'ida tug'ilganimdan, men tug'ilgan qishloq va go'zal Samarqand shahri dunyoga mashxurligidan quvonaman. O'tgan haftada kursdoshlarim bilan Samarqand shahriga va Hazrati Dovud ziyoratgohiga sayohat uyushtirdik. Guruhimiz bilan to'liq yig'ilib birinchi safarimiz bo'lgani uchun, barchasi ko'ngildagidek o'tishini, bu sayohatimiz kursdoshlar yodida bir umrga qolishini istadim. Shahardagi qadamjolarni birma bir ziyorat qila boshladik. Muhtasham madrasa-yu hilxonalar, rasadxona, shaharning zamonaviy obyektlariga tashrif buyurdik. Fayzli, obod va ozoda shaharda yurar ekansiz, chet eldan va respublikamizning turli burchaklaridan kelgan sayohatchilarga mana o'zbek xalqi shunday bunyodkor deb maqtanib olgingiz keladi. Lekin...
 Nafs, ko'zi puldan boshqasini ko'rmaydigan, oriyat, uyat nimaligini bilmadigan ayrim "samarqandlik"larni deb tilingiz qisiladi((((.

Bibixonim maqbarasi va madrasasi bir joyda joylashgan bir biriga qarama-qarshi binolar. Lekin ikkisiga kirish uchun alohida-alohida chipta xarid qilasiz. Chiptalar 1000 so'mdan. Chiptani olib ichkariga kirganingizdan so'ng tushuntiruvchi (gid) sizga bino tarixi haqida aytib beradi va oxirida "ko'nglingizdan chiqarib 1000so'mdan berib keting"-deya bermaganingizgacha qo'ymay lo'lidek pulni so'rab oladi. Xo'p, mayli 1000so'm nima dersiz? Lekin ular qilayotgan ish uchun davlatdan oylik olishmaydimi? Yoki xohlagan "tarixchi" o'ziga shunday lavozimni olib majburiy ixtiyoriy odamlar pulini olishadimi? Shunday holatni Go'ri Amir maqbarasida ham uchratasiz!
-Siz pul bermadingiz, eshitdingizmi berib keting?
Bu gapdan keyin yonida puli yo'q odam hijolat tortib, uyalib qoladi. 100% plastik kartaga stipendiya oladigan biz talabalarni yonida naqd pul yo'q. Kirish chiptalari plastik kartaga ham sotilganidan xursand bo'lib, naqd pulga ixtiyoj bo'lmaganidan mamnun edik.Hammamiz bir birimizga qarab yonidan kimdir 1000so'm, kimdir 500 so'm uzatdi.
-1000 so'mdan berib keting. Bu gaplaridan keyin kursdoshlarim yonida juda juda hijolat tortdim. Bir kunda minglab sayyohlar keladigan bu obidalarga o'z ko'nglidan chiqarib ehson qiluchilar talaygina, ehson qutilari shu maqsadda qo'yilgan nazarimda...
Ziyorat qilgani borganim uchun ular bilan bahslashgim kelmadi. Aslida ham ular sayohatchilardan pul olishga haqqi bormi? Chipta olib kirgan ziyoratchidan nimaga yana majburiy pul undirilishi kerak?

Bu holat Hazrat Dovud qadomjosida ham davom etdi. 1338 ta zina sanab yuqoriga ko'tarilar ekansiz, oddddiy vodoprovod suvini 1000so'mga, tosh qurtni o'rtacha kattalikdagisini 750 so'mga, bir dona saqichni 250 so'mga olasiz. Insof bilanda opa, bu oddiy kran suvi-ku shuniyam sotsangiz"- desangiz, -Bu toqqacha suvni olib chiqish oson emas, a qarang deb, eshakka ortilgan ikkita katta bitonni ko'rsatdi. -Qiyinchilikni sizmas, eshak ko'ryapti-ku"- deb nari ketdim. Bu ham mayli, oddiy suv, Dovud g'orida mayda toshlarni ham 1000so'mdan pullashyapdi. Mana bunisi haqiqiy noinsoflik. Xullas, Bibixonim, Amir Temur maqbaralariga va Hazrati Dovud ziyoratgohlariga borganingizda bu kabi vaziyatlarga duch kelsangiz, hayron bo'lmang! Shunday muborak joylarda insonlarga hizmat qilayapman, ziyoratchilar mamnun ketsin degan fikrni butunlay unutishgan.
Biroq Imom al-Buxoriy maqbarasiga borsangiz majburiy to'lovingiz atiga 600 so'm, u ham bo'lsa muzeyga kirishingiz uchun xolos. Ziyoratgohga kirish bepul, tushuntiruvchiga va Qur'on tilovat o'qib ziyoratchilarni kutib oluvchi dinniy xodim uchun haqiqiy ma'noda ko'nglingizdan chiqarib berib ketasiz. Hech biri bermaguningizgacha boshingizda turmaydi. Ziyoratingizdan xursand bo'lib: "Xush kelibsiz, ziyoratingiz qabul bo'lsin"- deb duo qilib qo'yishadi.

Xulosa o'rnida: Yuqorida sanalgan qadamjolar, obidalar o'zbek xalqining faxri. Ularni ko'rish, ziyorat qilish uchun minglab odamlar oshiqadi. Ko'ngli to'lib, chin ko'ngildan sayohat qilishni istab borishadi. Lekin bu kabi holatlarga duch kelganch esa: eee shumi Samarqand? Odamlarida ham insof yo'q ekan, bu yerlardan qanday insonlar o'tgan-u, bularni ishini qara"- deb qo'yadi. Bu postimni u insonlarni birortasi o'qiydi deb o'ylamayman, lekin qachondir o'qishar degan umidda yozdim. Qilayotgan harakatingizdan bizni uyaltirmang yoki yoningizda terminal ovoling, biz 100% plastikda stipendiya olamiz.'

суббота, 23 апреля 2016 г.

Qanday sevish mumkin?

-Can you speak me your study? Are all of subjects in English in International Journalism?
-…(((((

Shunday holatlarda o’zimdan uyalib ketaman, xalqaro jurnalistikada o'qib til bilmaysizmi deb savol berishlaridan cho'chib turaman. Har safar shu gapni eshitganimda bugundan ingliz tilini o’rganaman deb kirishman-u, lekin qandaydir ko’rinmas to’siqni yengib o’ta olmayman. Yaqinda  ingliz tili o’qituvchimiz: “Boshqa fanlardan yaxshi o’qishingizni bildim, nimaga ingliz tilini o’rganishga harakat qilmaysiz ?”- deb so’rab qoldilar. Shu gaplaridan keyin “Rostdan ham nega???”-degan savollarga javob topishga harakat qildim. Bunga sabab “birinchi muhabbat”bo’lsa kerak deb o’ylayman. Beshinchi sinfdan to to’qqizinchi sinfgacha nemis tilini o’rganganmiz. Chet tili deb taniganim - nemis tilini o’rganishga harakat qilganman. 9-sinfligimda nemis tilida xatlar, insholarni bemalol yoza olardim. Biroq ilk muhabbatim maktabda qoldi-yu, kollejda ingiliz tili darsi o’tila boshladi. Kollejdagi ingliz tili o’qituvchimiz ajoyib edilar. Ingliz tiliga qiziqtirmaganlar deb ularni bemalol ayblasam bo'ladi. Sababi kichik guruhda ikki nafar qiz bo’lganimiz uchun bizdan umuman vazifani so’ramas edilar, xullas kollejda xatto ingliz alifbosini ham o’rganmasdan “5”ga o’qidim.
  Universitetga kirish imtihonida ham ingliz tilidan 12ta to’g’ri javob belgilaganman, (hammasini (B)javob qilib). Jahon tillari universitetida o'qib til bilmaslik uyat ekanligini yuzimga aytishmasa ham, gap so'zidan sezdirganlar ko'p uchradi.
 Shu paytgacha uch marotaba repitetorga bordim, natija esa harakatga yarasha. Ishtiyoq bilan boshlayman ammo davom etish yo'q. Menimcha ingliz tilga qiziqishimni so’ndirgan bir narsa bu– fe’l so’z turkumi. Shunaqa ham murakkab bo’ladimi? 26 ta zamon, shundan 16 tasi faol zamonlar.  Har doim shu fe’lgacha kelaman-u… shu to’siqdan o’ta olmayman. Hafsala va meni yenga oladigan repitetor bilan shu to’siqdan o’tib olsam nazarimda uyog’ini eplab ketaman. Darsga tayyorlanmay borganimda har xil bahonalar topib ustoz oldilarida o’zimni oqlaganimdan hijolat tortaman. Aslida, xohishim yo’qligini ustoz sezib turganlarini bilib ham bahona qilayotganimdan uyalaman.  Ustozim menga bildirgan ishonchini oqlashim kerak- degan kuch bilan ingliz tilini o’rganishim ZARUR! Buning uchun esa, ingiliz tilini sevishim kerak. Qanday bo’lmasin!

Siz ingliz tilini qanday o’rgangansiz? Qanday motivatsiya sizga yordam bergan? 

вторник, 22 марта 2016 г.

Bozor iqtisodiyoti

    U har doim hamma narsadan norozi yuradi. Uning uchun barcha foyda keladigan tomonni izlaydigan, o'zini o'ylaydigan egoist. Kim o'zini o'ylamasdan boshqalar uchun qayg'uradi hozirgi "bozor iqtisodiyoti" davrida. Prechom tut "bozor" deng! Bozor bu sizga aytsam 5lik stipendiya. Kulmang, rostan. Agar siz sessiyani beshga yopgan bo'lsangiz, beshchilarni kimdir yomonlasa albatta u haqida "facebook"da kritik post yozasiz. "A'lochiman, hamma fanlardan o'z bilimim, harakatimga yarashasini oldim. Qo'lingizdan kelsa qaddingizni uring"- taxminan shunday mazmunda. Agar aksi bo'lsa-chi, beshga yopganlar g'irt axmoq-u, siz donodek ularga tosh uloqtirasiz. Dekanat-u, o'qituvchilar jamoasi "haqiqiy bilimli"lar qolib, allaqayoqdagi laganbardorlarga besh qo'ydi deya olamga jar solasiz. Chunki beshlik stipendiya olishning eng yaxshi tomoni 440ming pul. Mana shu "bozor iqtisodiyoti". Boshqa kursdoshlaringizga qaraganda 100ming, 200ming ko'p pul olish kimga yoqmaydi deysiz. Beshga yopishni yana boshqa afzallik tomonlarini ham bilasiz. Universitetning faol, a'lochi talabasi sifatida o'qituvchilar uchun ishonchli shogirdga aylanasiz. Siz bilan alohida ishlash uchun ustozlaringiz vaqtini ayamaydi (boshqalarga ham xuddi shunday, lekin beshchilar nomdor davlat stipendiyasiga harakatni boshlashi uchun yordamini hech qaysi o'qituvchi ayamaydi), aytganimdek 2-3-kurs oxirida nomdor stipendiyalarga topshirib, tekinga magistraturada o'qish imkoniyatini qo'lga kiritishingiz mumkin. Xullas, hammasini tagida "bozor iqtisodiyoti" tushunchasi yotibdi. Pulni tejash, ko'proq pulga ega bo'lish, grand asosida magistraturaga kirish. Bu bir tomonlama qaralganda bo'lsa, ikkinchi tomondan a'lochi degan nom, o'qituvchilar e'tirofi va "mashxurlik". Bunday imkoniyatlar sizda bo'lganidan keyin faqat oldinga qarab intilasiz, ustozlar etagidan tutib, borini sug'irib olishga harakat qilasiz, bu ham "bozor iqtisodiyoti", chunki siz olti milliondan oshiq kontrak to'lab o'qiyapsiz, ketkazayotgan pulingizga yarasha bilimni olishni talab qilasiz. Qisqasi topaman desa "bozor iqtisodiyoti"ning tomonlari ko'p, har holda bu terminni eshitganingizda Oloy bozori, Farhod bozorini tushunib, "bozor prechom" demasangiz, iqtisoddan olgan bilimlaringiz beshga arzishiga ishonaman.

пятница, 11 марта 2016 г.

Nega qo'rqasiz?

Ko'chada ketayapsiz, qo'lida mikrafon ushlagan muxbir qarshingizdan chiqdi-yu, sizni savolga tutdi. Siz nima qilasiz? Javob berishni istamay kameraga yuz burib ketasiz. "Uyimda televizorim bor, uydagilarim ustimdan kulishini istamayman"-deb hijolat bo'lib muxbirdan uzr so'raysiz. Intervyu bermayman deya qo'lingizni "x" qilib o'tib ketasiz.

Ijtimoiy so'rovnomada qatnashishni nimasi yomon?
Berilgan savolga o'z munosabatingizni bildirishdan nega uyalasiz? Yoki sizda hech qanday fikr yo'qmi?
Bugun shu savollarni vox-pop tasvirga olayotganimizda, intervyu berishdan qochgan har bir kishiga bergim keldi. Jurnalist xalq ichida bo'lishi kerak, ularni fikrlarini, qarashlarini o'rganishi, ular bilan hamsuxbat bo'lgandagina tayyorlagan matreali xalqchil bo'ladi- deb uqtirgan ustozlarimiz, insonlar mikrafondan yoki ularga qaratilgan kameradan qo'rqishlari haqida aytishmagandi. Kasbning mashaqatlarini totib ko'rish jarayonini shu haqiqatga amin bo'ldimki, ekran qarshisida o'tirib kimningdir ishini tahlil yoki tanqid qilish juda oson, lekin uni tayyorlash juda qiyin. Odamlar bilan mulaqot qilishda har bir muxbirda muloyimlik, ochiq chehra va shu bilan  birga biroz ayyorlik ham zarur ekan. Suxbatdoshni intervyu berishga "majburlash" yo'llarini ham o'rganib chiqishi juda lozim deb o'ylab qoldim. Buni qanday uddalash mumkin?
  Avvaliga men tanlagan savol: "Milliy o'yinlarimizdan qaysilarini bilasiz, bugungi kun bolalari ularni o'ynashyaptimi?"- deb bergan so'rovim qiyinmikan deya o'yladim. Nega qiyin savol bo'lsin, o'zini shu millatni farzandiman deb yurgan har bir inson bu savolga albatta javob bera oladi, axir bolaligimiz beshtosh-u, bekinmachoq, arqon tortish-u varrak uchirish bilan o'tgan bo'lsa, har kim bolaligini eslab bu savolga javob bersa kerak degan fikrda edim.  So'rovnomada faol qatnashganlar ham bo'ldi, savolga tutilganlarning 30%igina o'z fikrlarini biz bilan bo'lishdi. Xo'sh bundan nima xulosaga kelish mumkin?  Aholida ijtimoiy faollik sust degan xulosami? Ha, haqiqatdan ham faollik sust. O'z munosabatimizni bildirishdan cho'chimaylik! Har holda fikr bildirmasdan ekranga qo'l siltab ketgandan, pozitivmi, negativmi o'z so'zini aytishga nima yetsin. 

четверг, 28 января 2016 г.

Birinchi sessiyam

    Ikki haftadan beri xohlasam ham biror narsa yoza olmayapman. Endi kompyuter qarshisiga o‘tirib yozaman deb kirishaman-u “Mutaxassislikka kirish”dan esse  yozishim kerak, “Fotojurnalistika”dan taqdimot, “O‘zbekiston tarixi”, “Nutq madaniyatidan”dan mustaqil ish, xullas bugun ilk sessiyam haqida “yozilishi shart” bo‘lgan postni yozish uchun qattiq kirishishga vaqt topildi. Sessiya haqida  post yozishim shart!!! Nega deysizmi? Hamma talaba- blogerlar sessiya haqida yozgan. Men an’anadan  biroz chekingan holda, avvalo 1-semestrimiz qanday o‘tgani haqida sizlar bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
   10 kunlik “1-kurs maktabi”dan so‘ng rospisaniya chiqdi. O‘qishni boshladik. Avvaliga ma’ruza va amaliy darslarni farqlashimiz qiyin bo‘ldi. Birinchi haftada dars o‘tib ketgan o‘qituvchimizni keyingi hafta ko‘rmasdik, nimaga tizim bunaqa ekan-a, ma’ruzani kim o‘qisa o‘sha o‘qituvchi  baholasa bo‘lmasmikan?- deya hayron bo‘lardik. Ikkita “Mutaxassislika kirish” degan fanimiz bor. Seshanba-chorshanba kunlari bo‘ladi, ikkita “Mutaxassislikka kirishdan”  ikkita o‘qituvchi kiradi, amaliyda ham yana boshqa ikki o‘qituvchi. Bitta fan uchun to‘rt nafar o‘qituvchi ko‘p emasmikan derdim))) Noyabr oyigacha shu ikki fanni farqlolmay yurdim, hattoki ikkala fandan bitta daftar tutganman. Keyin bilsam biri “Nazariyaga kirish”, ikkinchisi “Ijodni o‘rgatish” (adashmayotgan bo‘lsam shunaqa), endi tushunganimda semestr ham tugadi. Bizga o‘qitilgan fanlar orasidan  fotojurnalistika, yangiliklar, nazariyaga kirish, rus tili va informatika fanlarini mazza qilib o‘qidim, o‘zim uchun ko‘p narsa o‘rgandim. Fotojurnalistikadan ma’ruzalarni Nargis Qosimova o‘tdilar. Haqiqatdan ham o‘z sohasining ustasi. Ko‘pincha biror holatni tasvirga olganimizda biz ahamiyat bermaydigan jihatlarni mahorat bilan o‘rgatdilar, darslarimiz juda qiziqarli o‘tardi. Sohasini bilimdoni bo‘lish bilan birga Nargis opa talaba psixologiyasini yaxshi biladigan ustoz ekanlar, bizni qanday qiziqtirishni bilardilar. Guruhchalarga bo‘lib, 10 daqiqada eng yaxshi suratni olib kelinglar deb fakultet tashqarisiga chiqardilar.  Hammamiz o‘ziga xos rasmlarni olishga kirishdik, 10 daqiqadan keyin olgan tasvirlarimizni ustozimga ko‘rsatib, ularni maqtovlarini eshitdik. Nargis opa hech kimni ishini yomon demadilar, ko‘zlarida quvonch bilan: “Zo‘r, malades!”- deyishdan charchamadilar.  Shu fandan amaliyot o‘qituvchimiz- Said Umirov. Bu insonni eshitgan odamni yuzida tabassum yuguradi.  Mahoratli ustoz bo‘lish bilan birga juda mehribon inson. Jurnalistika bilan birga adabiyot sohasini “olti” qo‘ldek biladigan oltin pedogog.   Kitob o‘qishni yaxshi ko‘radigan talabani juda yaxshi ko‘radilar. Sherlok Holms o‘qiganimni eshitib: “Kitob tanlashda  didingiz  zo‘r ekan, qizim”- degandilar, xullas o‘qimagan kitoblari yo‘q. Yaqinda bilib qoldim, domlamiz yoshlari ulug‘ bo‘lsalar-da futbol o‘ynashni yaxshi ko‘rar ekanlar. Siz futbolga ham qiziqadigan talaba bo‘lsangiz domlamizni eng sevimli talabasiga aylanasiz!!! Uzr, domla bilan qiziqishlarimiz umumiy bo‘lgan taraflarga  “o‘tlab” ketib, fotojurnalistika  esdan chiqibdi! Ular bizni “Abdulla Qahhor” uy muzeyiga olib bordilar, muzeyda tarixni abadiylikka muhrlagan nodir suratlarni tomosha qilib, fotograflik kasbi eng sharafli kasb ekanligiga amin bo‘lasiz! Darslarimizda adabiyot namoyandalarining bir biridan ajoyib suratlarini, “Ulug‘ Vatan” urushidagi g‘alaba nashidasi aks etgan tasvirlarni taqdimot qilib, fotografiyaning ro‘li jamiyat uchun qanchalik muhim ekanligini amalda isbotlab berardilar.
“Nazariyaga kirish”.  Bu fandan ma’ruzani prorektor Akbar Nurmatov o‘tdilar. Bu inson - “ tirik ensiklopediya”. Dars o‘tayotgan talabalarining ismini eslab qololmasliklari mumkin, lekin o‘qigan kitoblarni nomi, muallifi, qahramonlarini  umuman esidan chiqarmaydilar. Chet el adabiyotini juda yaxshi ko‘radilar! Bu fandan amaliy darsimizni Firdavs Saidov o‘tdilar. Boshqa kursdoshlarimni bilmadim-ku lekin men shu ustozni darslaridan o‘zim uchun kerakli bo‘lgan ko‘p narsani o‘rgandim. Huquqshunoslikka ixtisoslashmoqchi bo‘lganligim uchunmi, o‘rgatganlari menga juda qiziq va o‘ta ahamiyatli bo‘lgan. Jurnalistikani har jihatini huquqshunoslik bilan “bog‘lab” bera oladilar. Bu o‘qituvchimizdan nafaqat biz hattoki 4-kurslarimiz ham qo‘rqib turadi. Oraliq yoki yakuniy nazorat  olganlarida 1-avgustdagi davlat imtixonidagi nazorat ham “holva”.  Ko‘pchillikni hushidan ketkizgan ustozni fanidan birinchi “5”imni oldim, zo‘rg‘a 86 )))). "Yaxshi o‘qigan talabaga ayamay baxo qo‘yadigan, a’lo bo‘lmasangiz nemis tilida gapirsangiz ham tushunmaydigan o‘qituvchi Firdavs aka bo‘lsalar kerak"- degan xulosaga keldim.
  Bizni qiynagan yana bir o‘qituvchi Valintina Mixaylevna. Rus tilida gaplasha olsamda, birinchi yozgan uy vazifam - tekstni tekshirganlaridan so‘ng lolazorga aylangan matnnimni ko‘rib uyalib ketgandim. Ikkinchi marta hech kimga rus tilini yaxshi bilaman demiydigan bo‘ldim.  Rus tilini shunaqa zo‘r o‘rgatdilarki, tilni umuman tushunmaydigan kursdoshlarim ham tushuna boshlashdi.  Hozir deyarli hamma kursdoshim o‘qituvchi bilan o‘zi gaplashishga harakat qilyapdi,  meni tarjimonlikdan   bo‘shatishyapdi.
    Eng sevimli fanlarimdan yana biri YANGILIKLAR! Halim Saidov  eng zo‘r pedagogliklari bilan birga, hozircha  o‘qituvchilarimiz orasida meni nazarimda eng yaxshi yozadigan  jurnalist. “Talaba qizimga” nomli kitobchalarini mazza qilib o‘qib chiqdim, kitobchadagi maslahatlar  nafaqat talaba qizlar uchun, balki har bir o‘zbek qizi uchun juda muhim! Kreativ fikrlaydigan, intellekti juda yuqori bo‘lgan inson! Har hafta hech bo‘lmasa bitta yangilik yozishimizga “majbur” qiladilar. Boshqa fanlarga o‘xshab bu fandan qiynalib, 12 varaqli daftarni to‘ldirib oraliq, yakuniy nazorat yozib o‘tirmaymiz. Har hafta chiqargan devoriy gazetamiz yakuniy nazoratimiz bo‘lsa, ichidagi yangiliklarimiz joriy va oraliq nazoratimiz uchun baholanadi. Yangicha usulda baholanadigan “Yangiliklar”  fanimiz ayrim kursdoshlarimizni ijod qilishga o‘rgatdi.  Bu fandan amaliy mashg‘ulotlarimizni Nilufar Namozova oladilar.  Juda talabchan, qattiqo‘l, shu bilan birga judayam mehribon o‘qituvchi. Nilufar opa bizning guruh rahbarimiz. Ona bolasiga qanday mehribon, jonkuyarlik qilsa rahbarimiz ham bizga shunday munosabatdalar. Qo‘limizdan yetaklab gazetaga ham olib bordilar, ko‘proq yozishimizni, ovozi-yu yuzi chiroyli bo‘lgan jurnalistdan ko‘ra qalami o‘tkir jurnalistni qadrlaydigan o‘qituvchilardan.

   Semestr  davomida bir biridan qiziq fanlarni o‘rgandik, bizga nimadir o‘rgatish uchun borini ayamagan hamma ustozlarimizga katta rahmat. Endi g‘alvir suvdan ko‘tariladigan payt keldi-yu, har bir talaba harakatiga yarashasini olyapdi. O‘qishga kirishdan oldin, oliygohda o‘qiydigan o‘rtoqlarim: “Sessiyam uchun falon pulim ketdi, bitta fanimdan baxo olish uchun pismadonchi tanishimni aralashtirdim”-  degan gaplarini eshitib qolardim. Shukurlar bo‘lsinki, bizni fakultetda birorta pulga yopdim degan talabani uchratmadim. Bilimimiz, mehnatlarimiz o‘qituvchilarning jurnalida qolib ketmaydi, har kim o‘z mehnatiga yarashasini olyapdi.